11:15 / 08.11.2017
23060

Fuqarolar yig‘ini mas'ul kotibi lavozimiga kimlar tayinlanmaydi?

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘inining mas'ul kotibi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat fuqarolar yig‘ini mas'ul kotibi faoliyatining samaradorligini oshirish, mahalla tizimida ish yuritishni tashkil etish va olib borishni yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan fuqarolar yig‘inining mas'ul kotibi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda fuqarolar yig‘inining mas'ul kotiblari o‘z faoliyatini tasdiqlangan ushbu Nizom asosida tashkil etishiga ko‘maklashadi;

ikki oy muddatda fuqarolar yig‘inining mas'ul kotiblari malakasini oshirishga doir o‘quv seminarlarini tashkil etadi.

Nizomga ko‘ra, quyidagilar mas'ul kotib lavozimiga tayinlanmaydi:

O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan shaxslar;
o‘z turmush tarzi bilan fuqarolar yig‘ini a'zolari o‘rtasida salbiy tavsiflangan shaxslar;
ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi shaxslar;
ruhiy kasalligi, giyohvandlikka, surunkali ichkilikbozlikka ruju qo‘yganligi uchun tegishli tibbiyot muassasalari hisobida turuvchi shaxslar;
og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar;
diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari.

Mas'ul kotibning vakolatlari quyidagi holatlarda muddatdan ilgari tugatiladi:

o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e'lon qilinganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
sog‘lig‘i holati yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uch oy davomida o‘z vazifalarini bajara olmay qolganda;
vafot etganda;
qonun hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.

Mas'ul kotib fuqarolar yig‘inining o‘z mablag‘lari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan ta'minlanadi.

Mavzuga oid
Top