12:20 / 08.11.2017
25651

Marsda fazogirlarni nima kutmoqda?

Foto: NASA

Amerikaning NASA va SpaceX kompaniyalari Marsga qanday qilib yetib borish ustida bosh qotirayotgan bir vaqtda, olimlar ushbu sayyoraga 200 kunlik sayohat va unda istiqomat qilish odamlarga qanday ta'sir qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

Fazogirlar mushaklar hajmining qisqarishi, suyak vaznining yo‘qolishi, yuqori ichki bosh qon bosimi, ruhiy qiyinchiliklar, zaxiralarning yetishmovchiligi va radiatsiyaning uzoq vaqt ta'sir etishi haqida bormoqda. 

Hozirda NASA va uning hamkorlari letargik uyquga ketish texnologiyalari va yaxshi himoyalangan uylar ustida ishlamoqda. 

Engadget nashri ushbu tadqiqotlar tafsilotlari haqida NASA olimasi Laura Kerber va Spaceworks aerokosmik muhandislik kompaniyasi ijrochi direktori Jon Bredfordga murojaat qildi. 

Bredfordning aytishicha, sog‘lom odamning Marsga borishi uchun ham ko‘plab muammolar bor. 

Fazoga uzoq muddatli parvozlarni amalga oshirish eksperti bo‘lgan Jon Bredford bu muammolarni fazogirlarni uzoq muzlatish yordamida kamaytirish ustida ishlamoqda. Bu texnologiya ekipaj duch kelishi mumkin bo‘lgan ayrim ehtimollarni pasaytirish va qator texnik hamda muhandislik vazifalarni bajarish imkonini beradi. 

Tibbiyot nuqtai nazaridan baholaganda, letargik uyqu ko‘p jihatlarda yordam beradi. U ruhiy-ijtimoiy muammolarni bartaraf etadi. Inson uxlaganda tushkunlikka tushmaydi. Mushak hajmining kichrayishi va suyak vazni kamayishiga qarshi elektr stimullash imkoni paydo bo‘ladi. Ichki bosh qon bosimi pasayadi va hatto radiatsiyada nurlanish oqibatlari ha minimallashadi. 

Texnik jihatdan baholaganda ham uxlayotgan ekipaj bilan NASA va SpaceX parvozlarini amalga oshirish birmuncha osonlashadi. Oziq-ovqatga talab sezilarli kamayadi. 

Jon Bredfordga ko‘ra, harakatlanish uchun zarur bo‘lgan energiya vaznga juda bog‘liqdir. Agar umumiy vazn kamaytirilsa, bu juda foydali bo‘ladi. 

Aytish joizki, «letargiya» kishida qandaydir qo‘rqinch uyg‘otadi. Aslida ham shunday. Inson tanasining me'yoriy harorati 37°S ga yaqin, ammo letargiya holatida bu harorat 32-34°S darajagacha tushadi. Tibbiyotda infarktga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashda shunday usul qo‘llaniladi. Uning yordamida «Formula-1» poygalari bo‘yicha Mixael Shumaxerning miyasi muzlatilgan. Albatta, gipotermiya jiddiy nazoratni ham talab etadi. 

Foto: NASA

Letargik uyqu bir necha kun davom etadigan davolash gipotermiyasidan farqli ravishda ikki haftalik uyqu va qisqa uyg‘onish tartibida Marsga yetib borguncha davom etadi. 

Ammo bunday tizimning xavfli jihatlari talaygina. Uzoq muddatli uxlatish, sun'iy oziqlantirish, suyuqlik yo‘qotishni to‘ldirish, chiqindilarni to‘plash qurilmasi va iqlim nazoratini aniq sozlash kabilar shular jumlasidan. 

Spaceworks va NASA bu vazifalarni ado qilish maqsadida tibbiy, fiziologik va farmatsevtika usullarini mujassamlashtirmoqda. Masalan, dori-darmonlar tanani 32-34°S haroratni normal tana harorati sifatida qabul qilishga majbur qiladi. Teri osti endoskopik gastrostomiya chun oshqozonga o‘rnatilgan quvurcha bilan letargik uyqudan oddiy holatga o‘tish ham qulayroq bo‘ladi. 

Bu boradagi boshqa texnologiyalar quyidagilardan iborat:

Barcha mushaklarni elektrli stimullash mushaklar hajmi qisqarishini kamaytiradi. Kislorodli kapyushon kislorod va uglerod ikki oksidining aniq miqdorini nazorat qilish uchun kerak bo‘ladi. Hayot uchun muhim ko‘rsatkichlarni monitoring qilish datchiklari, harorat tartibini ushlash uchun qurilma ham zarur. 

Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, hayotni ta'minlab turish tizimi fantastik filmlardagi sun'iy uxlatish kapsulalariga o‘xshab ketadi. 

Natijada, olimlarning umid bildirishicha, fazogirlar ham ancha sog‘lom bo‘ladi hamda sezilarli ravishda qulay hamda samarador fazoviy kemalarni barpo etish mumkin. Shu bilan NASA kompaniyasining odamlarni Marsga olib borishga mo‘ljallangan fazo kemasining o‘lchamlarini 2 martaga qisqartirib, 45,5 tonnadan 25,5 tonnaga tushirish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, Marsda koloniyalarni barpo etadigan minglab odamlarni yetkazish imkonini beradi. 

Shuni ham alohida ta'kidlash o‘rinliki, fazogirlar Marsga yetib kelishganidan xursand bo‘lishgani bilan ularning qarshisidagi sinovlar tugaganini anglatmaydi.

Foto: NASA

Asosiy muammolar orasida atmosfera bosimining pasayishi (bundan ulkan germetik skafandr  qutqaradi) va tungi past harorat bor, deydi NASA va JPL sayyoralar geologi Laura Kerber. Ayni vaqtda olimlar ancha yengil skafandrlar ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. 

Yana bir jiddiy muammo bu — radiatsiyadir. Mars magnit maydoni bilan himoyalanmagan. Marsdagi tortish kuchi Yernikidan 3 karra kichik. Shu boisdan ham olimlar hozircha bu holat ko‘chma qo‘rg‘onlarga qanday ta'sr qilishi mumkinligini bilmaydi. Ular, shuningdek, Mars chang-to‘zonlari haqida ko‘proq ma'lumotlarga ega bo‘lishlari talab etiladi. Xususan, changning inson nafas olish organlari va terisiga tushsa, qanchalik xavf soladi?

Ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha savollar qatorini jug‘rofiy masalalar ham to‘ldiradi. Marsdagi quruqlik hajmi Yerdagi bilan deyarli bir xil. Ammo Qizil sayyoraning topologiyasi juda ham tushunarsiz. 

Masalan, Mariner kanoni uzunligi bo‘yicha AQSh hududiga teng. Agar siz Rover kanoni bo‘ylab ketar ekansiz, «Katta kanondan 3 marta chuqurroq ekan! Uni aylanib o‘tishga urinib ko‘ramiz» degan o‘yga kelasiz. Biroq buning uddasidan chiqishingiz dargumon, degan fikrni bildiradi Laura Kerber. 

Boshqa muammolar orasida ko‘chkilar, meyeorit kraterlar (Yerdagidan ko‘proq kuzatiladi), uglekislotali geyzerlar va sayyorani butunlay qoplab oluvchi chang bo‘ronlari shular jumlasidan. 

Yana bir og‘riqli muammo, bu zaxiralar. 

Mars tabiati ancha qattiq. Suv zaxiralarining asosiy qismi yashash uchun noqulay bo‘lgan hududlarda. Masalan, sovuq qutblarda suv ko‘p, orbitaga chiqish imkoni ko‘proq va issiqroq bo‘lgan ekvator hududida suv kam. 

Agar astronavtlar suv yoki metan zaxirasini topa olishsa, uni ichish uchun qo‘llash yoki raketa yoqilg‘isi sifatida foydalanish uchun vodorod va kislorodga parchalash yuzasidan bir to‘xtamga kelishi kerak. 

Ammo, Kerberning hazil bilan aytishicha, Marsda istiqomat qilishning ham o‘ziga xos ijobiy tomonlari bor. Mars aholisining vazni Yerdagi aholi vaznining uchdan birini tashkil etadi. Ular 24 soat 40 daqiqa davom etuvchi Mars kunida ko‘p narsaga ulgurishadi. Nihoyat ular yoshroq ham bo‘lishadi, chunki Marsdagi umr Yerdagidan ikki marta uzunroq. 

Xulosa qilib aytish mumkinki, fazogirlar Marsga gipotermik koma holatida borishadi, yetib borganidan so‘ng, g‘or odamlari singari hayot uchun kurashadi. Xo‘sh kim buni xohlaydi?

Mavzuga oid
Top