14:50 / 08.11.2017
44237

MXX suyultirilgan gazni noqonuniy sotish bo‘yicha jinoiy sxemani fosh qildi

Foto: ForumHouse

O‘zbekistonda gaz ta'minoti tizimini isloh qilish davom etmoqda, bunda aholiga gazni uzluksiz yetkazib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatning ayrim hududlarida hali ham muayyan obektiv qiyinchiliklar mavjud bo‘lib, ularni bartaraf etish bilan davlat tuzilmalari faol shug‘ullanmoqda.

Markazlashgan gaz ta'minoti bo‘lmagan tumanlarda aholiga suyultirilgan gaz ballonlarda yetkazib berilmoqda. Bunga davlat byudjyetidan yirik mablag‘lar ajratilmoqda. Biroq, davlatning barcha sa'y-harakatlariga qaramasdan, o‘z hamyurtlari orqali pul topish va ularni hayotiy zarur bo‘lgan yoqilg‘isiz qoldiradigan odamlar topilmoqda.

Yaqinda shunday holatlardan biri Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan fosh etildi.

Bir necha oy davomida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Sardoba, Guliston tumanlari aholisi suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berishda uzilishlarga duch kelishgan. «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Sirdaryo viloyat filiali o‘z vaqtida yetkazib berishga mas'ul bo‘lgan.

Ishning barcha jihatlarini aniqlash uchun Milliy xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan birgalikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.
 
«O‘ztransgaz» AJning Sirdaryo viloyat filiali rahbari Baxtiyor Eshonqulov, «Mirzaobod» gaz taqsimlovchi punktining yetakchi muhandisi Elyor Karimov, ushbu punktning zapravkachisi Jahongir Sultonov, shuningdek, viloyat gaz ta'minoti korxonasi haydovchisi Erkin Bo‘tayev jinoiy maqsad bilan til biriktirib, sxema tashkil qilishgan. Unga ko‘ra, aholi uchun mo‘ljallangan gaz Samarqand viloyatidagi xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalariga naqd pulga sotilgan», - deya xabar berdi MXX vakili.

Sxemaning tafsilotlari aniqlandi. Gaz olib yuruvchi transport vositasi haydovchisi Erkin Bo‘tayev yoqilg‘ini odatda Qashqadaryo viloyatining «Sho‘rtanneftgaz» korxonasidan olgan, hamda u yerdan qaytishda gazni Samarqanddagi shoxobchalarga sotgan.

«Haydovchi olingan pullarni «Mirzaobod» gaz taqsimlovchi punktining yetakchi muhandisi Elyor Karimovga bergan. U esa pullarni sxemaning barcha ishtirokchilari orasida taqsimlagan korxona rahbari Baxtiyor Eshonqulovga topshirgan. Har bir reysdan haydovchi 600 ming so‘m olgan, Karimov va Sultonov esa o‘zlarining o‘rtasida bo‘lishishgan - 1,5 milliondan 3 million so‘mgacha. Qolganlari Eshonqulovda bo‘lgan», - deya aytib o‘tdi MXX xodimi.

Rejaga ko‘ra, o‘g‘irlikni yashirish uchun aholiga to‘liq to‘ldirilmagan ballonlarning faqatgina bir qismi yetkazib berilgan.

MXX xodimlari haydovchi Erkin Bo‘tayevni jinoyat ustida qo‘lga olish uchun maxsus amaliyot tashkil qilishdi. U bu safar Samarqand viloyatidagi xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalariga 20,2 tonnadan ziyod gazni sotayotgan bo‘lgan. Keyinchalik uning yuk mashinasi Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi «Sardoba» postida hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatildi. Salonda 23,85 mln. so‘m va 1 ming AQSh dollari topildi, ular gazni sotishdan olingan. Ushbu mablag‘lar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, ushbu shaxslar shu yilning may oyidan oktabrigacha bo‘lgan davrda Samarqand viloyatidagi xususiy gaz quyish shoxobchalariga 265 tonna suyultirilgan gazni noqonuniy ravishda sotib yuborishgan, natijada davlatga 486 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Departamentning hududiy boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bo‘yicha yuqoridagi shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Top