11:40 / 08.11.2017
31563

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 noyabrdagi 894-son qaroriga ilova O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo‘lishlari va tranzit o‘tishlari tartibi to‘g‘risida” 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son qarorida:

a)  Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari va O‘zbekiston Respublikasidan ketishlari tartibining 12-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shildi:

“Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining turistik vizasida ko‘rsatilgan muddatdan oldin kelgan taqdirda turistik vizalarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik byurolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan o‘tish punktlarida tegishli o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat etiladi”;

b)  Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishlari qoidalarida:

3-band quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“3. O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘luvchi xorijiy fuqarolar o‘zlarini qabul qiluvchi tashkilotlar (vazirliklar, idoralar, mulkchilik shakllari va faoliyat turidan qat'i nazar, korxonalar va tashkilotlar, xorijiy davlatlarning doimiy vakolatxonalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlar va xorijiy davlatlarning hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, xalqaro va xorijiy nodavlat (hukumatga qarashli bo‘lmagan) notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallarini (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb ataladi), shuningdek, xususiy ishlar bo‘yicha ularni O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilgan shaxslarni xabardor qilgan holda, xohishlariga ko‘ra mehmonxona xizmatlari — vaqtinchalik yashash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladigan joylashtirish vositalarida (mehmonxonalar, turizm bazalari va komplekslari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, milliy mehmonxona uylari, o‘tov va palatkali lagerlar, sanatoriylar va boshqa obektlarda, shuningdek, tunash uchun qayta jihozlangan yer usti avtotransportida), boshqa turar joylarda, shuningdek, davolash muassasalarida yashaydilar”;

13-bandda:

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi qo‘shiladi:

“Joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining mas'ul shaxslari tomonidan ushbu talabning buzilishi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”;

to‘rtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblanadi;

16-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shildi:

“Xorijiy fuqarolarning amalda hisobga qo‘yilganligi ichki ishlar organlari tomonidan avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur yordamida tekshiriladi”;

quyidagi mazmundagi 171-band qo‘shildi:

“171. Quyidagilar:

sayyohlik operatori tomonidan tashkil etiladigan tur doirasida ekskursovod, gid va/yoki yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi hamrohligida aholi punktlari tashqarisiga sayohat amalga oshirilganda, agar bunday tur muddati yoki uning bir qismi 10 kundan oshmasa;

xorijiy fuqarolar tomonidan sayyohlik operatorining avtoturini xarid qilgan holda shaxsiy avtomobilda, mototsiklda, velosipedda, piyoda yoki guruh tarkibida avtobusda sayohat amalga oshirilganda, sayyohlik operatorlari tomonidan ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur yordamida sayyohlarning pasport ma'lumotlari, harakatlanish yo‘nalishlari sxemasi, sayohat paytida to‘xtash (tunash) joylari ko‘rsatilgan elektron shakldagi ro‘yxati taqdim etilishi vaqtinchalik propiskaga tenglashtiriladi”.

2. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 137-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida turistik (mehmonxona) yig‘imni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“joylashtirish vositalari - mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, milliy mehmonxona uylari, o‘tov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari - vaqtincha yashash xizmatlarini ko‘rsatadigan boshqa obektlar, shuningdek, tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transporti”.

Mavzuga oid
Top