23:17 / 09.11.2017
32383

Xalqaro kartalar orqali valyuta ayirboshlash imkoni paydo bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar, shu bilan birga, yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) tijorat banklarining konversion operatsiyalar bo‘limlarida o‘z hisobidan chet el valyutasini qo‘lga kiritish huquqiga ega bo‘ldi. 

Chet el valyutasini sotish konversion bo‘limlar tomonidan xalqaro kartalardan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi. Bunda naqd pulsiz chet el valyutasini sotish miqdori tijorat banki rahbari buyrug‘iga binoan belgilanadi. Jismoniy shaxs va YaTT chet el valyutasini sotib olish uchun konversion bo‘limga shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak bo‘ladi. 

Jismoniy shaxsning bank kartasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, konversion bo‘lim mutaxassisi unga plastik kartalar bo‘limiga murojaat etib, o‘z nomiga bank kartasi ochishni taklif qiladi. 

YaTT chet el valyutasini sotib olish uchun pul mablag‘larini o‘zining tegishli hisobvarag‘idan o‘tkazadi. 

Milliy valyutadagi mablag‘ tijorat bankining operatsiya bajariladigan kundagi kurs bo‘yicha to‘lov terminali orqali jismoniy shaxsga tegishli bank kartasidan yechib olinadi va unga operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani haqidagi terminal chekining asl nusxasi beriladi. 

Valyuta ayirboshlash shoxobchasida jismoniy shaxslar va norezidentlardan chet el valyutasi cheklanmagan miqdorda sotib olinadi. Amalga oshirilayotgan barcha ma'lumotlar elektron tizimda qayd etiladi. 

Chet el valyutasini sotib olishda operatsiya eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, operatsiyalar elektron tizimga ma'lumot kiritish orqali amalga oshirilishi shart. Bunda jismoniy shaxslardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat va norezidentlardan pasport talab etiladi. 

Bundan tashqari, valyuta ayirboshlash shoxobchalarida bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valyutasiga almashtirish mumkin.

Top