09:10 / 09.11.2017
19120

MXX mintaqaviy OTMga o‘qishga kiritish bo‘yicha soxta sxemani fosh qildi

Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari mintaqaviy universitetlardan biriga go‘yoki «o‘qishga kiritish» uchun pul talab qilish bo‘yicha firibgarlik sxemasini fosh qilishdi.

Olingan ma'lumotga ko‘ra, fuqaro «Sh.F.»ga Jizzax viloyatilik, vaqtincha ishsiz 47 yoshli Iskandar Toshboyev murojaat qilib, uning qizini Chirchiq davlat pedagogika institutiga kiritish bo‘yicha yordam berishni taklif qilgan.

«Erkak o‘zining vositachilik xizmatlari uchun 5 ming AQSh dollari talab qilgan, ulardan 3 ming dollari avans sifatida berilishi lozim edi. Shuningdek, Toshboyev qizning pasporti nusxasi, test markazidan yig‘ilgan ballar haqida ma'lumotnomani so‘ragan. Bularni u, o‘z so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidagi tanishlariga bermoqchi bo‘lgan», - deya ta'kidlab o‘tdi MXX vakili.

MXX tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda Toshboyevni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi «Safari» restorani yonida 3 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlashdi.

Erkak tergov davomida o‘z aybini tan oldi, uning so‘zlariga ko‘ra, olingan mablag‘larni o‘z ehtiyojiga sarflab yubormoqchi bo‘lgan. Shu bilan birga, qo‘lga olingan shaxsning xabar berishicha, o‘qishga soxta kiritishda unga shu oliy o‘quv yurtining chizmachilik o‘qituvchisi bo‘lgan «Hayitboy» ismli shaxs ko‘mak ko‘rsatayotgan bo‘lgan.

«Keyinchalik Chirchiqda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Chirchiq davlat pedagogika institutining dotsenti 55 yoshli Hayitboy Sultonov 3 ming dollar va qizning pasporti nusxasini olayotgan vaqtida ushlandi. U so‘roq chog‘ida o‘z aybini tan oldi, shuningdek, o‘z xatti-harakatlariga shaxsiy boyishga urinish bilan izoh berdi», - deya aytib o‘tdi MXX xodimi.

Shu bilan birga, qo‘lga olingan shaxsning so‘zlariga ko‘ra, u jabrlanuvchining qizini OTMga kiritish bo‘yicha qandaydir harakatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lmagan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov doirasida ularning ehtimoliy sheriklarini aniqlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top