18:00 / 09.11.2017
26950

“Rahmat”ni cho‘ntakka solib bo‘lmaydi

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar aholining ehtiyojmand qatlami ijtimoiy muhofazaga olingan holda amalga oshirilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tashkil etilgan nafaqa tayinlash komissiyalari ariza bilan murojaat qilgan fuqarolarning yashash sharoitlari, daromadlarini o‘rganib, xulosalarini berishyapti. Shu tariqa haqiqatda muhtoj xonadonlarga, shuningdek ikki yoshgacha farzandi ta'minoti uchun oilalarga nafaqalar, moddiy yordam pullari tayinlanib, to‘lab borilyapti. Biroq, ayrim vijdonsiz kimsalar ehtiyojmandlarga nafaqa tayinlashdan ham “foydalanib” qolmoqchi bo‘lgan holatlar uchrayapti.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Odinaxon Saidjonova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ikki yoshgacha farzandiga nafaqa tayinlanishi uchun kerakli hujjatlarni “Namuna” qishloq fuqarolar yig‘ini kotibasiga topshiradi. Kotiba M.Alixo‘jayeva hujjatlarni qabul qilib, telefon raqamlarini yozib oladi. Oradan bir necha kun o‘tgach, uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, uyiga taklif qiladi. Uyiga borib uchragan O.Saidjonovaga “singlim, o‘zingiz bilasiz, rahbarlarimizning cho‘ntagiga “rahmat”ni solib bo‘lmaydi, agar 300 ming so‘m keltirib bersangiz, nafaqa aniq tayinlanadi”, deb unga o‘z manfaatlarini tushuntiradi. Uning shartiga ko‘ngan ayol bu pulni qayerdan topishini o‘ylay-o‘ylay, qonuniy yo‘ldan borishga ahd qildi. U SVOJJDLQK departamentining Quva tuman bo‘limiga murojaat qildi. O.Saidjonovaning arizasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda qishloq fuqarolar yig‘inining binosi yonida ayolni aldab, pora berishga undagan kotibi 300 ming so‘mni olgan paytida ushlandi.

Qirq olti yoshga kirgan M.Alixo‘jayeva ikki yoshgacha farzandiga nafaqa tayinlash uchun murojaat qilgan ayolni aldab, pora berishga dalolat qilganiga to‘liq iqror bo‘ldi. Sud QFYning sobiq kotibasiga qilmishiga muvofiq jazo tayinladi.

Top