01:00 / 10.11.2017
23301

Avval iqtisod, keyin siyosat. Trampning Xitoyga tarixiy tashrifi yakunlari

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Trampning rasmiy tashrif bilan Xitoyga kelishi qator muhim hujjatlarni imzolash bilan yakun topdi.

XXR savdo vaziri Chjun Shanning matbuot anjumanida ta'kidlashicha, ularning umumiy qiymati 253 milliard dollardan oshadi. Idora rahbarining so‘zlariga ko‘ra, dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega ikki davlat rahbari ishtirokida rasmiylashtirilgan bunday keng ko‘lamli xalqaro shartnomani "haqiqiy mo‘'jiza" sifatida baholash mumkin.

Shartnomalarni imzolagan kompaniyalar orasida Boeing va CASC (Xitoy aerokosmik ilm-fan va texnologiyalar korporatsiyasi), General Electric va Qualcomm kabilar bor. Shuningdek boshqa sohalar, xususan, aviatsiya va avtomobilsozlik hamda qishloq xo‘jaligiga doir kelishuvlar ham imzolandi.

Xitoy Qo‘shma Shtatlar prezidentiga dunyodagi eng yirik saroy majmuasi - "Taqiqlangan shahar"da samimiy qabul uyushtirdi.

Xitoy-Amerika munosabatlarining asoslari

Si Tszinpin Donald Trampning Xitoyga tashrifini "tarixiy" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon birgalikda Xitoy-AQSh munosabatlarining kelgusidagi rivojiga doir yo‘l xaritasini ishlab chiqqan.

"Xitoy-Amerika munosabatlari yangi tarixiy davrni boshdan kechirmoqda, - dedi XXR raisi. - Xitoy AQSh bilan o‘zaro manfaat va hurmatga asoslangan aloqalarni o‘rnatish istagida".

Foto: Reuters

Ikki tomon ham hamkorlikka urg‘u berib, pozitsiyalar borasida tushunmovchiliklarni bartaraf etish kerakligini qayd etdi. AQSh prezidenti Tszinpinning Pekin va Vashington aloqalari eng avvalo kooperatsiyaga tayanishi kerakligi, zero bu "yagona to‘g‘ri yo‘l" ekani borasidagi fikriga e'tiroz bildirmadi.

Tramp, o‘z o‘rnida, ikki mamlakatning siyosiy aloqalari kvintessensiyasi sifatida qaralayotgan XXR raisi bilan aloqalarini "haqiqatda yaxshi" deya baholadi. Shuningdek u Vashington Xitoy bilan ko‘p yillar davomida muvaffaqiyat va do‘stlikka asoslangan hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Savdo va iqtisodiyot

AQSh prezidentining XXRga tashrifi asosiy maqsadlaridan biri ikki tomonlama savdo-iqtisodiy siyosat masalalarini hal qilish bo‘ldi. Xususan, u yiliga 1,5 milliard dollarni tashkil qiluvchi Xitoy-Amerika tovar aylanmasidagi nomutanosiblikka e'tibor qaratdi.

"Avvalgi rahbariyatning bunga yo‘l qo‘ygani juda achinarli, albatta. Biroq biz barchasini ikki tomon uchun ham adolatli va a'lo darajaga yetkazamiz", - dedi Oq uy rahbari Si Tszinpinga murojaat qilib. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Xitoy va boshqa qator mamlakatlar bilan savdo aloqalarida orqada qolgan va shu munosabat bilan o‘z siyosatiga tuzatish kiritish niyatida.

XXR raisi uning mamlakati "milliy iqtisodiyot ochiqligi yo‘lida hech qachon eshiklarni yopmasligi", xorijiy biznes faoliyati uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi va islohotlarga sodiqlikni saqlab qolishini ta'kidladi.

Xitoy bilan kelgusi besh yilda 8 trillion dollarlik xorijiy mahsulotlar importi ko‘rsatkichlariga erishilishi ikki tomonlama aloqalarning umidli prognozi sifatida yangradi.

Koreya yarim oroli kelajagi

Donald Tramp va Si Tszinpin muzokaralari doirasidagi yana bir asosiy mavzu KXDRning raketa-yadroviy dasturi va Koreya yarim orolidagi vaziyat bo‘ldi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Pekin "qisqa muddatlarda ortiqcha sa'y-harakatlarsiz" Pxenyanni denuklearizatsiyaga majbur qilishga qodir. U bu muammo - umumiy xavfsizlik uchun eng yirik tahdid ekanini qayd etdi va XXR raisi bu masalada "jiddiy ishlashi"ga ishonch bildirdi.

Foto: Reuters

O‘z navbatida, Xitoy yetakchisi amerikalik hamkasbining ishonchini yerda qoldirmay, KXDR muammosini hal qilish mumkinligini ta'kidladi. Natijada Koreya yarim oroli muammosi bo‘yicha aloqalarni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Tramp ham, Tszinpin ham so‘nggi 70 yilda xavf uyg‘otib kelayotgan KXDR muammosi muloqot orqali, tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini qayd etishdi.

Pekindagi muzokaralarda Tramp "AQSh va XXR mazkur muammo yechimiga ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yagona mamlakatlar emasligi, bunga Rossiya ham faol qo‘shilishi kerakligi"ni ta'kidladi. Amerika prezidenti bu masalani orqaga surib bo‘lmasligi, tezkorlik bilan harakat qilish kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari armiyalararo aloqalarni mustahkamlash va yaqin vaqt ichida AQSh va Xitoy mudofaa vazirlarining tashrifini tashkillashtirishga kelishib olishdi.

Top