09:30 / 10.11.2017
8897

Isroil politsiyasi Binyamin Netanyaxuni bir necha soat so‘roq qildi

Foto: RIA «Novosti»

Isroil politsiyasi mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni bir necha soat so‘roq qilganini tasdiqladi. Netanyaxuga nisbatan uning iste'fosiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ikkita tergov olib borilmoqda.

Netanyaxu ishbilarmonlardan qimmatbaho sovg‘alar olishda va Isroildagi eng yirik nashriyot uylaridan biri “Yediot Axronot” egasi bilan hukumatning faoliyatini yaxshi tomondan yoritish bo‘yicha kelishishga urinishda gumonlonmoqda. Netanyaxu nashriyot uyi egasiga bu “xizmati” evaziga nashriyot uyining asosiy raqobatchisi “Israel xa-Yom” bepul gazetasi imkoniyatlarini cheklovchi qonunni qabul qilishga va'da bergan. 

“Biz, bosh vazir bugun (9 noyabrda) “Laxav-433” olib borayotgan tergovlar doirasida bir necha soat davomida Al-Qudsdagi qarorgohida so‘roq qilinganini tasdiqlaymiz”, deb aytilgan politsiya bayonotida. “Laxav-433” bo‘limi o‘ta og‘ir jinoyatlar va korrupsiya ishlarini tergov qilish bilan shug‘ullanadi.

Netanyaxu ushbu ishlar bo‘yicha umumiy hisobda 5 marta so‘roq qilingan. Uning tergovchilar bilan avvalgi uchrashuvi mart oyida bo‘lib o‘tgan. O‘shandan keyin politsiyada guvoh paydo bo‘lgan. Bu guvoh bosh vazir devonining sobiq boshlig‘i Ari Xaro bo‘lib, u o‘zining qonunga xilof qilmishlari uchun jazoning yumshatilishi evaziga o‘zida mavjud bo‘lgan ma'lumotni oshkor qilishga rozi bo‘lgan. Politsiya avvalroq ushbu ishlarda korrupsiya, firibgarlik va ishonchni suiste'mol qilish alomatlarini qidirayotganini ma'lum qilgan.

Netanyaxuning o‘zi esa hech qanday qonunbuzarlikni amalga oshirmaganini va yana ko‘p yillar davomida mamlakatni boshqarishini ta'kidlamoqda. U muxolif siyosatchilar va jurnalistlarni politsiya va prokuraturaga bosim o‘tkazish yo‘li bilan to‘ntaruv amalga oshirishda ayblamoqda. Agar tergov bosh vazirga ayblov qo‘yish bilan yakunlansa, unda uning iste'foga ketishi masalasi ko‘tariladi.  

Top