10:11 / 11.11.2017
11352

Opel 2024 yildan qanaqa avtomobillar ishlab chiqarishini ma'lum qildi

Germaniyaning Opel avtomobilsozlik kompaniyasi 2024 yildan faqat elektromobillar brendiga aylanadi. Kompaniya Fransiyaning PSA Group konserniga sotilganidan so‘ng, shunday reja paydo bo‘lgan. Shu bilan ishlab chiqaruvchi o‘zining sobiq egasi GM konserniga kamroq tobe bo‘ladi, deb yozadi Electreck.

Hozircha, Opel faqat bitta elektr modeli — Ampera E mashinasini sotmoqda. Aslida u Chevy Bolt EV desak xato qilmagan bo‘lamiz. Ammo Opel muammosi modelning bittaligida emas, balki uning xohlovchilarga yetmaganidadir. Kompaniya Yevropada Ampera E modeliga bo‘lgan katta talabdan foydalana olmadi, chunki GM Bolt EV eksportini cheklab qo‘ygandi. Natijada narxlar qimmatlashdi va keyinroq umuman avtodo‘konlardan yo‘qoldi. 

Endilikda, kompaniya yana daromadni boy bermaslik maqsadida 2020 yilgacha elektromobillari qatorini 4 tagacha ko‘paytirishga va'da bermoqda. U 2024 yilda to‘liq elektrokarlar ishlab chiqaradigan kompaniyaga aylanadi. Yangi elektromobillar PSA Group texnologiyalari asosida ishlab chiqiladi, degan Opel ijrochi direktori Mixael Losheller.

«Opel PSA konserni texnologiyalaridan to‘liq foydalanish imkoniga ega bo‘lar ekan, CO2                                                                                                                                                                                gazini havoga chiqishini kamaytirish borasida Yevropaning yetakchisiga aylanadi. 2024 yili Yevropaning barcha yo‘lovchi avtomobillari elektrlashtiriladi. Biz ekologik batareyalar va elektrodvigatellar taqdim etamiz. 2020 yili Opel bozorda 4 ta elektrkarni taklif etadi. Bunda Corsa to‘liq elektrokar hisoblanadi. Elektrlashtirish biz uchun birinchi vazifadir», — degan Losheller.

Umuman olganda, agar xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bayonotlariga ishonilsa, yaqin orada ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqish butunlay to‘xtatilsa ajab emas. So‘nggi yillarda barcha yirik avtomobil kompaniyalari o‘z mahsulotlarini elektrga o‘tkazishini aytmoqda. 

Top