11:47 / 11.11.2017
17800

Zara kompaniyasining aldangan xodimlari antiqa usulda shikoyat qilishdi

Foto: Getty Images

Dunyoga mashhur Zara liboslar kompaniyasining Istanbuldagi do‘konlarining xaridorlari xarid qilgan kiyim-kechaklarining cho‘ntaklarida ajoyib topilmalarga duch kelishmoqda. Gap shundaki, yangi kiyimlarning cho‘ntaklaridan «men siz xarid qilmoqchi bo‘layotgan kiyimni tikkanman, ammo menga buning uchun haq to‘lashmadi» degan yozuvlar bitilgan maktublar chiqmoqda. Moda brendining turkiyalik xodimlari shu yo‘l bilan maosh olmayotganliklarini hamda Zara firmasida ko‘ngildagidek mehnat sharoitlari uchun kompaniyaga bosim o‘tkazishda yordam berishga chaqirmoqda. 

Maktublar mualliflarining uqdirishlaricha, ular Bravo Tekstil deb nomlangan kompaniyada ishlashgan, biroq u kutilmaganda yopilib, bir necha oylik ish haqi va ta'til pullarini bermagan. Ma'lum bo‘lishicha, Bravo Tekstil Mango va Next uchun ham kiyimlar tikkan.

Zara — dunyoning eng muvaffaqiyatli moda kompaniyalaridan biri bo‘lib, u 2200 do‘konga ega. Biroq Ispaniya savdo belgisi bu kabi mojarolar bilan birinchi marotaba qarshi kelayotgani yo‘q. Avval ham Zara firmasi atrof-muhitga zarar yetkazish va yosh dizaynerlarning ijod namunalarini o‘g‘irlashda ayblangan edi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi ustidan mehnat sharoitlari yaxshi emasligi da'vo qilingan ariza bilan sudga murojaat qilingan edi. 

Top