08:10 / 12.11.2017
33175

Argentina va Rossiya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida rekord qayd etildi

Foto: © Sergey Savostyanov/TASS

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya va Argentina o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi Rossiya terma jamoasining uy maydonida eng ko‘p odam tashrif buyurgan uchrashuvi bo‘ldi. 11 noyabrda “Lujniki” stadionida o‘tgan uchrashuvga 78750 muxlis tashrif buyurgan.

Avvalroq Rossiya termasi uchun eng ko‘p odam tashrif buyurgan uy uchrashuvlari Ukraina (1999 yil 9 oktabr) va Angliya (2007 yil 17 oktabr) bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar bo‘lgan. Ikkala o‘yin ham “Lujniki”da bo‘lib o‘tgan hamda 2000 va 2008 yillardagi Yevropa chempionatlarining saralash bosqichlari doirasida o‘tkazilgan.

Matbuotda bu o‘yinlarga kelgan muxlislar bo‘yicha turli ma'lumotlar berilgan. Ukraina bilan uchrashuv borasida 78 600 yoki 84 000 muxlis kelgani, Rossiya va Angliya o‘rtasidagi uchrashuvga esa 78 ming kishi kelgani aytilgan. Biroq UYeFA matbuot xizmati boshqa raqamlarni keltirgan: Ukraina bilan uchrashuvga 74 ming, Angliya bilan uchrashuvga esa 75 ming kishi tashrif buyurgan.

Quyida Rossiyaning uy uchrashuvlarida eng ko‘p odam tashrif buyurgan o‘yinlar keltirilgan:

2017 yil 11 noyabr, "Lujniki". Rossiya - Argentina - 0:1. 78 750 tomoshabin
2007 yil 17 oktabr, "Lujniki". Rossiya - Angliya - 2:1. 75 000 tomoshabin
1999 yil 9 oktabr, "Lujniki". Rossiya - Ukraina - 1:1. 74 000 tomoshabin
2009 yil 10 oktabr, "Lujniki". Rossiya - Germaniya - 0:1. 72 100 tomoshabin
2009 yil 14 noyabr, "Lujniki". Rossiya - Sloveniya - 2:1. 71 500 tomoshabin

“Lujniki” o‘yingohi 1956 yilda qurilgan. Dastlab stadion o‘z bag‘riga 103 ming tomoshabinni sig‘dira olgan, biroq 1980 yilgi Olimpiada oldidan o‘tkazilgan rekonstruksiyadan keyin bu miqdor 96 minggacha kamaygan. 1990-yillarda maydondagi yog‘och o‘rindiqlar plastmassa o‘rindiqlarga almashtirilgach, uning sig‘imdorligi yanada kamayib, 84 745 o‘rinni tashkil qilgan. Yana bir rekonstruksiya 2008 yilgi Chempionlar ligasi finali uchun o‘tkazilgan va VIP-lojalar kengaytirilishi hisobiga sig‘imdorlik 78350 o‘ringa qisqarib ketgan. 2018 yilgi jahon chempionati oldidan stadion yana bir rekonstruksiya qilindi va endi uning sig‘imdorligi 81 ming o‘rinni tashkil qilmoqda. 

Umuman olganda, stadionga tashrif buyurish rekordi 1958 yil 2 noyabrda qayd qilingan. O‘shanda "Spartak" va "Torpedo" klublari o‘rtasidagi Sobiq ittifoq kubogi finalini ko‘rish uchun maydonga 110 ming tomoshabin kelgan.

Mavzuga oid
Top