08:50 / 12.11.2017
25048

Dunyodagi eng katta g‘or haqidagi film qanday suratga olingani so‘zlab berildi

Rossiyalik sayyohlar sayyoramizdagi eng katta g‘or – Son Dongga ekspeditsiya uyushtirishdi. Ular o‘z sarguzashtlari haqida qisqa metrajli film suratga olib, uni YouTube va Vimeo videoservislarida joylashtirishdi.

Film prodyuseri Sergey Valyayevning aytishicha, guruh Son Dongga tashrif buyurgan birinchi rus ekspeditsiyalaridan biri bo‘lgan. 

Son Dong dunyodagi eng yirik g‘or hisoblanadi: uning uzunligi 5 km ni, balandligi esa 200 metrdan ko‘proqni tashkil qiladi. G‘or ichida yorug‘lik tushib turuvchi darchalar bor va shu sababli uning ichida kichik o‘rmon barq uradi.

Foto: tjournal

G‘or 3 mln yil avval daryo suvlari yordamida hosil bo‘lganiga qaramasdan, 1991 yildagina topilgan, unda birinchi tadqiqot 2009 yilda amalga oshirilgan.

Foto: tjournal

Valyayevning ta'kidlashicha, g‘or yaxshi qo‘riqlanadi, shu sababli unga hamma ham kira olmaydi: u topilgandan beri unda bor-yo‘g‘i 2 mingga yaqin kishi bo‘la olgan. 

Foto: tjournal

Valyayevning aytishicha, ekspeditsiya kishi boshiga 12-17 ming dollar turadi. 6 kishidan iborat guruhning umumiy xarajatlari 100 ming dollargacha yetishi mumkin. Bu qiymatga chiptalar, mehmonxonada yashash, maxsus kiyim-bosh va anjomlar, g‘or joylashgan milliy bog‘ga kirish uchun to‘lov va ekspeditsiyaning o‘ziga ketadigan xarajatlar kiradi.

Foto: tjournal

Rossiyalik sayyohlarga 25 kishidan iborat guruh hamrohlik qilgan. Ular orasida anjomlarni ko‘tarib yuruvchilar, oshpazlar, qo‘riqchilar, gidlar bo‘lgan. 

Foto: tjournal

G‘orga sayohatni bu bozordagi monopol kompaniya Oxalis tashkillashtiradi. Vetnamda joylashgan bu g‘or hukumat tomondan qo‘riqlanadi, g‘orga esa YuNeSKOning ruxsatini olgachgina borish mumkin. Valyayevning aytishicha, bu ruxsat olish uchun bir yil ketgan.

Foto: tjournal

Bunday ekspeditsiyaga jismonan tayyor odamlar bora olishlari mumkin. G‘or ichkarisiga kirib borish 5 kunni oladi. Bu vaqt ichida sayyohlar 30 km yo‘l bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Foto: tjournal

Valyayevning aytishicha, filmni suratga olish elektr yo‘qligi sabab oson bo‘lmagan. Uning aytishicha, generatorlar olib yurishning texnik imkoni bo‘lmagan, quyosh batareyalari esa g‘ordagi yorug‘lik tarqalib ketishi sababli befoydadir. Shu sababli guruh o‘zi bilan birga kameralar, dronlar va yorug‘lik asboblari uchun akkumulyatorlar olib yurishlariga to‘g‘ri kelgan.

Film rejissyori Georgiy Tarasovning aytishicha, u Son Dongga kelib, u yerda dron ishlatib, uni sindirmagan dunyodagi birinchi odam bo‘ldi. Valyayevning aytishicha, g‘or ichidagi ob-havo sharoiti tufayli dron datchiklari nosoz ishlagan, toshli gumbazlar esa sun'iy yo‘ldosh ishlashiga xalaqit qilgan, shu sababli dronni boshqarish qiyin kechgan.

“Tayliklar hattoki Jorani faxriy devorga suratini osib qo‘yish uchun tasvirga ham olishdi”, deb aytgan Valyayev.

Son Dong g‘ori Vetnam markazidagi Fongnya-Kebang milliy bog‘i hududida joylashgan. U Xanoydan 500 km uzoqlikda joylashgan.  

Top