08:30 / 12.11.2017
12711

Marokash terma jamoasi muxlislari Bryussel markazini “ostin-ustun qilishdi”

Foto: thenews.com.pk

Futbol bo‘yicha Marokash terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqqani ma'lum bo‘lgandan keyin 11 noyabr kechki vaqt Bryussel markazida 300 ga yaqin marokashlik “xursandchilikdan ichiga sig‘may” tartibsizliklar uyushtirdi. Bu haqda Belgiya poytaxti politsiyasi ma'lum qildi.

Marokash Afrika qit'asidagi saralash bosqichida Kot d'Ivuarni 0:2 hisobida yutgach, Rossiyaga borish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bu ma'lum bo‘lgandan keyin Marokash terma jamoasi muxlislari Bryusselning shundoq markazida joylashgan tarixiy Birja kvartaliga  yo‘l olib, u yerda “Qishki xursandchiliklar” ko‘ngilochar dasturi uchun o‘rnatilgan konstruksiyalarni vayron qila boshlashgan. Muxlislar kamida bitta mashinaga o‘t qo‘yishgan. Politsiya bezorilarni suv otgichlar bilan haydashiga to‘g‘ri kelgan.

Bryusselliklar orasida muxlislarga achinganlar ham topildi: ular politsiyani marokashliklarga terma jamoalari muvaffaqiyatini nishonlashga xalaqit berganlikda ayblashgan.

Marokashlik futbolchilar jahon chempionatida 1998 yildan beri birinchi marta ishtirok etishadigan bo‘lishdi. Kot-d'Ivuar esa qatorasiga 3 ta mundialdagi (2006, 2010, 2014) ishtirokidan keyin navbatdagisini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Jahon chempionati guruh bosqichi uchun qur'a tashlash marosimi 1 dekabrda Moskvada bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top