21:25 / 13.11.2017
5634

Xalqaro Politsiya o‘quv dasturi sohasida Turkiya bilan hamkorlik qilinmoqda

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) O‘zbekistonda turli sohalarda loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. 

Ana shunday loyihalardan biri Turkiya Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda, joriy yilning 13 noyabr kuni Xalqaro Politsiya o‘quv dasturi doirasida “Voyaga yetmaganlar bilan ishlash profilaktika inspektorlari” mavzusidagi navbatdagi o‘quv seminari poytaxtdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari hamkorligida 2011 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan ushbu Xalqaro Politsiya o‘quv dasturi doirasida 37ga yaqin o‘quv-amaliyot va malaka oshirish mashg‘ulotlari tashkil etilib, mazkur mashg‘ulotlar davomida 1000ga yaqin o‘zbekistonlik huquq-tartibot tizimi xodimlari ishtiroki ta'minlandi. Turkiya va O‘zbekistonda muvaffaqiyat bilan amalga oshirib kelinayotgan ushbu o‘quv kurslari jarayonida ishtirokchilar o‘z bilimlarini kengaytirish va sohaga oid yangiliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

2017 yilda 10 yo‘nalish bo‘yicha o‘quv-amaliyot kurslarini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar ulardan 5tasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 2tasi Turkiya va 3tasi O‘zbekistonda tashkil etilgan, jami 5 o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlariga 150ga yaqin ichki ishlar va boshqa xuquq-tartibot idoralari xodimlari qatnashib, o‘quv dasturlari jarayonida sohaga aloqador tajriba almashinish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Joriy yilning 17 noyabriga qadar davom etishi rejalashtirilgan ushbu o‘quv seminar doirasida Turkiya Ichki ishlar vazirligining 3 nafar politsiya xodimi O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 25 nafar xodimi bilan ushbu dasturda ishtirok etmoqda.

Top