00:23 / 14.11.2017
17571
Quyoshning Yerga qaragan tomonidan barcha dog‘lar yo‘qolib qoldi
Foto: Quyosh rentgen astronomiyasi laboratoriyasi

Astrofiziklar kamyob hodisani qayd qilishdi: ayni vaqtda Quyoshning Yerga qaragan tomonida birorta ham quyosh dog‘i qolmagan va bu holat ehtimol dog‘lar Quyoshning ikkinchi tomonida ham yo‘qligini bildiradi. Bu haqda P.N.Lebedev nomidagi fizika institutining Quyoshning rentgen astronomiyasi laboratoriyasi saytida aytilgan.

“Ayni vaqtda Quyoshning Yerga qaragan tomonida birorta dog‘ ko‘rinmagan. Hozir bu dog‘lar Quyoshning orqa tomonida bor-yo‘qligini aytish mushkul, biroq Quyoshning ikki hafta oldingi, ya'ni bu tomon Yerga qaragan vaqtdagi suratlariga ko‘ra, dog‘lar u yerda ham yo‘q”, deyilgan xabarda.

Har 11 yilda Quyoshning magnit maydoni kuchayib va susayib turadi. Quyoshda magnit maydoni maksimal kuchaygan vaqtida dog‘lar va chaqnoqlar eng ko‘p paydo bo‘ladi, bular esa Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqardi. O‘z navbatida “sokinlik” vaqti bir yilga yaqin davom etadi va 2018 yil oxiri-2019 yil boshida boshlanishi kerak.  

“Quyoshning minimum faolligi vaqtiga bir yil qolganda dog‘larning to‘liq yo‘qolgani bu minimum juda chuqur bo‘lishidan darak beradi. Minimum chuqur, biroq qisqa bo‘lishi umuman olganda hech narsaga ta'sir qilmaydi, biroq bu minimum cho‘zilib ketishi xavfi bor, ana unda nomaqbul vaziyat bo‘lishi mumkin”, deb aytgan mutaxassislardan biri.

Yerda oxirgi marta 17-asr oxiri–18-asr boshida yuz bergan kichik muz davri quyosh siklidagi og‘ishish vaqtiga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda Quyosh faolligi minimum nuqtada bir necha o‘n yillarga qotib qolgan va unda deyarli 50 yil hech qanday dog‘ ko‘rinmagan.

Top