19:20 / 14.11.2017
36990

Sherobod tumani hokimi lavozimdan ozod etildi

13 noyabr kuni xalq deputatlari Sherobod tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi. 

Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va tumanda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham uchrab turganini qayd etdi. U joriy yilning 9 oyi davomida fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati, ya'ni 80 foizi faqatgina tushuntirishlar berish bilan chegaralangani, tumandagi mutasaddi idoralarda murojaatlar bilan ishlash, masalani hal etish qoniqarsiz ahvolda ekanini aytib o‘tdi. 

Shuningdek, aholining kommunal to‘lovlardan qarzdorligi yuqori darajada saqlanib qolayotgani, ichki yo‘llarni ta'mirlash, tumanning eksport salohiyati past ahvolda ekani, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida olib borilmayotgani tuman iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlandi. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, sessiya kun tartibida tuman hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Abdulhakim Eshmuratov lavozimidan ozod etildi. 

Tuman faollari, deputatlar, siyosiy partiyalar vakillarining taklif va mulohazalari inobatga olinib, tuman hokimi lavozimiga shu kunga qadar Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan O‘rol Abrayqulovich Boboqulov tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Bundan avvalroq «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Yashin Sohibovich Xidirov lavozimdan olinib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga hokimning ijtimoiy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Top