18:30 / 14.11.2017
44173

O‘zbekiston viloyatlarida benzin inqirozi (video)

Benzin ta'minoti masalasida Toshkent shahri va uning atrof hududlarida muammoga duch kelmaysiz. Biroq, poytaxtdan 50 yoki 100 kilometr uzoqlashsangiz yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoki yopiq, yoki “benzin yo‘q”, deb yozib qo‘yilgan. Bu ko‘pchilik haydovchilarning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. “O‘zbekiston24” telekanalining AYoQShlardagi yoqilg‘i yetishmovchiligi muammolari ko‘tarilgan lavhasida shu haqda so‘z yuritildi.

Vaziyatdan xabardorlarning ma'lumotiga ko‘ra, ba'zi hududlardagi AYoQShlarga yoqilg‘i bir oyda ikki marotaba yetkazib berilmoqda. Natijada o‘tkir taqchillik yuzaga kelmoqda.
 
Shu sababdan, hududdan kelib chiqqan holda chayqovchilik yo‘li bilan sotish holatlari yuzaga kelmoqda. Ai-80 yoqilg‘isining "qo‘ldagi" narxi 4000 mingdan 5500 so‘mgacha baholanmoqda. Masalan, Buxoroda chayqovchilar benzinni bir litri uchun 5000-5500 so‘mdan sotishmoqda.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda respublika bo‘ylab benzinning 1 litri quyidagi narxlarda sotilishi belgilab qo‘yilgan: AI-80 – 2800, AI-91 – 3000 va AI-95 – 3300 so‘m. 

“Mana, Asaka zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomashinalarni sotishda shapkavozlikka chek qo‘yildi, endi esa benzin sotilishidagi shapkavozlikni yo‘qotish vaqti ham yetgan ko‘rinadi”, - deyiladi lavhada. 

Top