09:50 / 15.11.2017
5527

Xitoy superkompyuterlarga egalik qilish reytingida yetakchilik qilmoqda

Superkompyuterlarning Top500 reytingiga ko‘ra, Xitoy hozirda dunyoda eng ko‘p superkompyuterlarga ega. U bu borada AQShdan ham o‘zib ketdi va reyting tarixida ilk bor uni eng yuqori pog‘onadan tushirdi. 

Oxirgi Top500 reytingiga ko‘ra, Xitoy ulushiga 202 ta superkompyuter to‘g‘ri kelmoqda. AQShda esa 143 ta superkompyuter bor. Reytingning 25 yillik tarixi davomida AQSh birinchi marta yetakchilikni boy berdi. 3-o‘rinni 35 ta superkompyuterga ega bo‘lgan Yaponiya egallamoqda. Keyingi pog‘onalarni Germaniya (20 ta superkompyuter), Fransiya (18) va Buyuk Britaniya (15) egallamoqda.   

Reytingda yetakchi o‘rinning egallanishi Xitoyda tadqiqotlar va texnologiyalarga sarmoyalarning ko‘payishi natijasi hisoblanadi. Bugungi kunda Xitoy ulushiga dunyodagi barcha ilmiy tadqiqotlarning 20 foizi to‘g‘ri kelar ekan.  

Ayni vaqtda dunyodagi eng tez superkompyuter Xitoyning Sunway TaihuLight kompyuteri bo‘lib, uning maksimal ishlash tezligi 93 petaflopga (soniyasiga suzuvchi nuqta bilan ming trillionta operatsiya) yetdi. Bu ko‘rsatkich dunyodagi ikkinchi eng tez kompyuter Tianhe-2’nikidan deyarli uch barobar tezroqdir. Taqqoslash uchun, AQShdagi eng tezkor superkompyuter Titan 17,6 petaflop unumdorlikka ega va bu borada 5-o‘rinni egallaydi.

Reyting mualliflarining aytishicha, oxirgi raqamlar Xitoyning AQShdan umumiy unumdorlik bo‘yicha ancha o‘zib ketganini ko‘rsatmoqda. Reytingga kirgan butun superkomyuterlarning umumiy unumdorligidan 35,4 foizi Xitoyga, AQShga esa 29,6 foizi to‘g‘ri kelmoqda.

Reyting mualliflaridan biri Erix Stroxmayyerning aytishicha, Xitoyda ko‘plab superkompyuterlar biznes maqsadlarda yaratiladi: ularning egalari mahalliy va xalqaro kompaniyalarga ularni ijaraga beradilar. Mutaxassisning aytishicha, bu tizimlardan ko‘pchiligi qurollanish va milliy xavfsizlik tizimlari bilan bog‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qo‘llanadi.

Hozir Xitoyda keyingi avloddagi superkompyuter yaratilmoqda va u eng tezkor Sunway TaihuLight superkompyuteridan kamida 10 chandon kuchliroq bo‘ladi.

Clarivate Analytics kompaniyasi Xitoy fanlar akademiyasi bilan birgalikda turli davlatlarning ilmiy sohalarni o‘zlashtirish reytingi Research Fronts 2017’ni chop etdi. Unga ko‘ra, Xitoy eng innovatsion davlatlar orasida Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, AQShdan keyin 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 

Top