14:30 / 15.11.2017
10282

«TEAM NON GRATA»: Italiya bayrog‘idagi shved dog‘lari haqida

Italiya terma jamoasi Rossiyaga borish imkoniyatini boy bergach, ko‘pchilik bunday voqea oxirgi marta bundan 60 yil oldin sodir bo‘lganiga va qizig‘i, o‘sha mundial aynan Shvetsiyada o‘tganiga urg‘u berdi. Aslini olganda, Italiya muvaffaqiyatsizligining shvedlar bilan bog‘liqligi yanada ko‘proq. Italiyalik tajribali muxlislar pley-offda Shvetsiya raqib bo‘lganini eshitganlarida ko‘ngilda ozgina g‘ashlik paydo bo‘lganini ham taxmin qilish mumkin.

Xullas, bunday buyog‘iga shvedlardan imkon qadar uzoqroq yurish tavsiya etiladi. 

JCh-58

Italiya terma jamoasining ilk mundialda qatnashmaslikni ixtiyor etganini nazarda tutsak, uning saralashdagi ilk muvaffaqiyatsizligi aynan JCh-58 ga to‘g‘ri keladi. O‘sha davr uchun Italiya terma jamoasi Urugvay bilan birgalikda ikki karra jahon chempioni sanalardi, demak bu muvaffaqiyatsizlik ham dunyo miqyosidagi sensatsiya sifatida baholangani tabiiy.

Italiya Portugaliya va Shimoliy Irlandiya bilan bir guruhda to‘p surib, har ikki jamoani o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchratadi va safarda ularga yutqazadi. Natijada, Portugaliyada durang qayd etishga erishgan shimolliklar mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Italiya esa, ilk marotaba mundialdan quruq qoladi. Aynan Shvetsiyaga borishdan. 

YeVRO – 84

1982 yilgi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan Italiya terma jamoasi Fransiya-84 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan va o‘shanda ham Shvetsiya terma jamoasi italiyaliklarga xalaqit bergan ekan. Italiya shvedlarga qarshi har ikki o‘yinni boy bergan. Ayniqsa, Italiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘sha o‘yindan keyin jahon chempionlarining Yevroga borish imkoniyatlari butkul chippakka chiqqan edi. Shu bilan birga, Shvetsiya uchun bu o‘yin ahamiyatsiz edi, shu natija bilan ham shvedlarning o‘zi Yevroga bora olmagan, xuddiki, saralashda faqat Italiyani to‘xtatib qolish uchun qatnashgandek.

YeVRO-92

Bu safar Italiya terma jamoasi yo‘liga Sobiq Ittifoq to‘g‘anoq bo‘lgandi. Bu jamoalardan tashqari saralash guruhida Norvegiya, Vengriya va Kipr terma jamoalari joy olishgandi. Italiya va SSSR o‘rtasidagi har ikki o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa-da, boshqa jamoalar bilan o‘yinda Vichini shogirdlari ko‘proq ochko yo‘qotgandilar. Shu tariqa so‘nggi ikki yirik turnir yarim finalchisi navbatdagi Yevropa chempionatidan quruq qoldi.

Bu voqeaga Shvetsiyaning nima aloqasi bor dersiz? 1992 yildagi Yevropa chempionati final bosqichi aynan Shvetsiyada bo‘lib o‘tgandi.

YeVRO – 2004

Portugaliyada o‘tgan musobaqada Italiya va Shvetsiya bir guruhdan joy oldi. Shuningdek, Daniya va Bolgariya terma jamoalari ham ularga raqib edi. Guruhdagi so‘nggi turdagi voqealar haligacha ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.

Italiya Daniya bilan ham (0:0), Shvetsiya bilan ham (1:1) durang natija qayd etadi. Bu jamoalar navbati bilan Bolgariyani mag‘lubiyatga uchratishadi. So‘nggi turda Italiya Bolgariya bilan, Daniya esa qo‘shni Shvetsiya bilan kuch sinashishi kerak edi. Sezib turganingizdek, Italiya Bolgariyani yutsa, to‘plagan ochkolari soni 5taga yetadi, agar Daniya va Shvetsiya o‘zaro durang o‘ynashsa, ularda ham shuncha ochko bo‘ladi. Xo‘sh, uch jamoadan qaysi biri guruhda qolib ketadi?

Reglamentga ko‘ra, bir necha jamoaning ochkolari soni teng bo‘lganida o‘zaro o‘yinlarga qaralishi ko‘zda tutilgandi.  Italiya asosiy raqiblari bilan o‘ynab bo‘lgan, to‘plar nisbati  - 1:1. Demak agar Daniya va Shvetsiya o‘zaro 2:2 hisobida durang o‘ynashsa, Italiyaning so‘nggi turdagi natijasidan qat'i nazar, Skandinaviyadan bo‘lgan ikki jamoa chorak finalga yo‘llanma olardi. Qizig‘i, ko‘pchilik kutganidek, o‘sha o‘yin aynan 2:2 hisobida tugagan va Italiya alamli tarzda o‘sha musobaqani tark etgandi.

Darvoqe, Shvetsiya – Italiya o‘yini ham juda dramatik tugagandi. Katta ustunlik bilan hujum qilgan va 1:0 hisobida oldinda borgan Italiya so‘nggi daqiqada Ibrahimovichning ayyorona zarbasini o‘tkazib yuborgandi.

JCh-2018

Italiya Ispaniya bilan, Shvetsiya esa, o‘z guruhida Fransiya bilan birga joylashgandi. Ya'ni har ikki jamoa  uchun avvaldan ham pley-offga ilinish u qadar omadsizlik sanalmasdi. Lekin bu o‘yinlar uchun shvedlar ko‘proq tayyor ekani sezildi. Har ikki o‘yinda ham Shvetsiya terma jamoasi o‘z oldiga maqsadni aniqroq qo‘ydi va uni bajardi. Natijada hamma bo‘lajak jahon chempionati tayyorgarligi bilan band bo‘layotgan bir paytda italiyaliklar o‘z yulduzlarini nafaqaga kuzatish va murabbiy iste'fosi mojarolari bilan o‘ralashib yuribdi.

Mavzuga oid
Top