17:30 / 17.11.2017
69904
Yangi tashkil etilgan Islom ilmiy maktablari haqida barcha ma'lumot
Foto: Mehrob.uz

2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator takliflarni bergandi.

«Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e'tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi», – degandi prezident.

Ayni vaqtda bu takliflarni amalga oshirish ishlari boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili «Kun.uz» muxbiriga xabar berdi.

Qachon tashkil etildi?
Samarqand viloyatidagi «Hadis» va «Kalom» ilmiy maktablari 2017 yil 8 noyabr kuni, Qashqadaryo viloyatidagi «Aqida» ilmi maktabi 10 noyabr kuni, Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi qoshida Islom huquqi maktabi 13 noyabr kuni rasman ish boshladi.

Kimlar ta'lim oladi?
Ilmiy maktablarga diniy ma'lumoti to‘g‘risida hujjatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari suhbat asosida tinglovchi sifatida qabul qilinadi.

Maktablar uchun tinglovchilarni qabul qilishga viloyat masjidlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, shuningdek o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlagan va hozirda diniy idora tizimida faoliyat olib bormayotgan nomzodlar ichidan salohiyatlilari tanlab olinadi.

Tashkil etilayotgan mazkur maktablar Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan Islom akademiyasi va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olish istagida bo‘lganlarni tayyorlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Kimlar dars beradi?
Ilmiy maktablarda faoliyat olib borish uchun jalb qilinadigan (taniqli ulamolar, Oliy ma'had, madrasa mudarrislari hamda imom-xatiblardan iborat) o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida tuziladigan maxsus hay'at suhbatidan o‘tkazilgandan so‘ng ish boshlashadi.

Qaysi uslubda ta'lim beriladi?
Mazkur ilmiy maktablar ilmiy-tadqiqot markazi shaklida tashkil etiladi va ularda yurtimizda shakllangan ta'lim berishning ustoz-shogird an'analariga asoslangan Buxoro, Samarqand maktablari uslubida faoliyat olib boriladi.

Ilmiy maktab xodimlari ixtisosligi bo‘yicha mo‘'tabar asarlar asosida davra darslarida ta'lim olishlari, sohaga oid asarlar ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradilar. Shuningdek, jamiyatdagi dolzarb diniy masalalarni chuqur o‘rgangan holda matbuot va davriy nashrlarda e'lon qilib boradilar.

Tinglovchilarga ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va davra darslarida ishtirok etish muddati belgilanmaydi, ya'ni ta'lim zamonaviy modul shaklida olib boriladi. 

Tinglovchilar ta'lim yakunida qanday hujjatga ega bo‘lishadi?
Maktab tinglovchilariga ma'lum bir asarni tamomlaganligi (xatmi kutub qilganligi) to‘g‘risida maxsus sertifikat (ijoza) beriladi.

Qanday kitoblar o‘qitiladi?
«Hadis» ilmiy maktabida Imom Buxoriyning «Al-Adab al-Mufrad» asaridagi 1322ta hadisni tinglovchilar yod olishlari asosiy vazifa qilib qo‘yilgan.

«Aqida» ilmiy maktabida «Abu Mu'in an-Nasafiy» hazratlarining asarlari yurtimizdagi Hanafiy mazhabiga oid aqoid kitoblari asosida darslar o‘tiladi.

«Tasavvuf» maktabida tasavvuf shayxlari, xususan, naqshbandiya shayxlarining hayot yo‘llari, turmush tarzi haqidagi kitoblar o‘qitiladi. Tariqat pirlari nasihat sifatida aytgan hikmatli so‘zlar sharhlanadi. Ruhiy tarbiyaga oid kitoblar o‘qitiladi. Tinglovchilarga muntazam ravishda arab va fors tilidan saboq beriladi, tarixiy manbalarni o‘qish jarayonida til qoidalari tushuntirilib, bilim va ko‘nikmalari mustahkamlab boriladi. Tasavvuf maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya ta'limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va aholimiz o‘rtasida keng tarqalgan, mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan kubraviya yassaviya hamda qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga ham alohida e'tibor qaratiladi.

«Islom huquqi» maktabida tinglovchilarga Burhoniddin Marg‘inoniy hamda Hanafiy mazhabining mo‘'tabar fiqhiy asarlari chuqur o‘rgatiladi, qolaversa, sohaga oid asarlar ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ham rejalashtirilgan.

Top