00:41 / 19.11.2017
17777

Saratonga qarshi vaksina ilk bor AQShda qo‘llanildi

Foto: slavicfamily.org

Saraton (rak) kasalini davolovchi dorining topilishi insoniyat uchun ulkan qadam bo‘lar edi, biroq azaldan ma'lumki, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma'qul. Bloomberg  nashrining xabar berishicha, yaqinda AQShda bir guruh olimlar personallashtirilgan (ya'ni ma'lum bir inson uchun maxsus tayyorlangan) saratonga qarshi vaksinani sinab ko‘rishgan.

Moliyalashtirilishi Moderna Therapeutics startapi doirasida amalga oshirilgan unikal vaksinani o‘z tanasida sinab ko‘rgan ilk inson Glenda Kliver bo‘ldi. Olimlar qizning genomini sekvenirlab unda bir nechta mutatsiyalarni aniqlashgan. Bu mutatsiyalar kelajakda qizda saratonning turli ko‘rinishlarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan. Glendaning bosh RNKsi asosida potensial 20 ta xavfli oqsillarni nishonga oluvchi, molekulalarni to‘g‘ri yig‘ish «yo‘riqnomasi»ga ega vaksina tayyorlangan. Ayni paytda bemor o‘zini juda yaxshi his qilmoqda, biroq olimlar Glendani kuzatishda davom etishmoqda.

Qayd etib o‘tish joizki bu bunday vaksina yaratilayotgan ilk holat emas. 2010 yilda Dendreon kompaniyasi ham shunday preperat yaratgan, biroq uni ishlab chiqarish o‘ta qimmat bo‘lib, o‘zining samaradorligini isbotlay olmagan.

Amerikalik tadqiqotchilardan boshqa davlatlardagi hamkasblari ham ortda qolishmayapti. Masalan, nemislarning BioNTech kompaniyasi melanomaga qarshi vaksina ustidagi tadqiqotlarni yakunlagan.

Gritstone Oncology korporatsiyasi esa saratonga qarshi vaksinalarni 2018 da sinashni boshlaydi. Bundan tashqari, Neon Therapeutics olimlari siydik pufagi, o‘pka saratoni va melanomaga qarshi o‘zlari yaratgan vaksinasining ilk natijalarini ola boshlashadi.

Bir qator kompaniyalarning vaksina ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqishlarni hisobga olib, bunday samarali vaksina yaqin yillarda yaratilishiga va minglab hayotlarni qutqarib qolishiga kishining ishongisi keladi.

Mavzuga oid
Top