19:44 / 19.11.2017
15750

Vazir O‘zbekistonda Janubiy Koreya yangi universitetlari ochilishi haqida fikrini bildirdi

Foto:Facebook / Sherzod Shermatov

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «Janubiy Koreyada o‘tkazilgan anjumanda oliy ta'lim va o‘qitish sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini» muhokama etganini eslab, yaqin orada Janubiy Koreyaning boshqa universitetlariga ham O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatishlari uchun keng imkoniyat yaratilishi mumkinligiga to‘xtalib o‘tdi.

"Bundan 2 yil avval Koreya Respublikasidagi anjumanda oliy ta'lim sohasida Koreya bilan xalqaro hamkorlikning ahamiyatini muhokama qilganimizda, avvaliga bu fikr ba'zi konservativ koreyaliklar uchun kutilmagan va juda qaltis yangilik bo‘lib ko‘ringandi. Shunday bo‘lsa-da, Toshkent shahridagi Inha universiteti (Koreyaning xorijdagi ilk universiteti)ning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotganini vaqtning o‘zi ko‘rsatdi.

Umid qilamanki, yaqin vaqt ichida koreyalik boshqa universitetlar ham O‘zbekistonda o‘zlarining bo‘linmalarini ochishni o‘ylab ko‘radilar. Prezidentimizning keyingi haftada Koreya Respublikasiga rejalashtirilgan rasmiy tashriflari yangi saylangan 2 prezidentlarning ilk tarixiy uchrashuvi bo‘lishi hisobga olinsa, ta'lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning muhim davrini boshlash uchun ayni muddaodir".

Sherzod Shermatovning fikricha, boshqa tomondan, Koreyada talabalar sonining kamayib borayotgani bu yerdagi universitetlarga o‘zlarining xorijdagi bo‘linmalarini ochish orqali rivojlanish hamda faoliyatlarini kengaytirishning eng maqbul yo‘li bo‘lishi mumkin. 

Shuning bilan vazir koreyalik ta'lim sohasi vakillari tomonidan yangi takliflar paydo bo‘lsa, bajonidil bularni muhokama etishga tayyorligini bildiradi.

Eslatib o‘tamiz, Sherzod Shermatov hozirgi egallab turgan lavozimiga o‘tkazilishidan avval, Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi rektori bo‘lib mehnat qilgan.

Top