17:10 / 20.11.2017
22043

Atamboyev voz kechgan qarindoshlar, «sotmagan» Jeenbekov va Babanovning O‘shdagi nutqi haqida

Foto: President.kg

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyevning aytishicha, prezidentlik davridagi ko‘plab qarorlari uning uchun juda murakkab bo‘lgan. Bu haqda u bugungi yakuniy matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Bugun, albatta, hammasini eslash og‘ir. Biroq men ko‘plab qarorlarni qabul qilishdan avval juda uzoq o‘ylaganman. Masalan, Narimboyev ishi men uchun ayniqsa og‘ir bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida menda do‘stlar ham, qarindoshlar ham qolmadi», - deya aytib o‘tgan Almazbek Atamboyev.

Shuningdek, davlat rahbari Jeenbekov haqida ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi. «Sooronbay Jeenbekov yosh emas. O‘ylashimcha, u endi noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ymaydi», - degan Atamboyev.

Prezidentning ta'kidlashicha, ular Jeenbekov bilan 23 yil davomida tanishlar hamda bironta marotaba ham o‘rtalarida qarama-qarshilik yuz bermagan. Almazbek Atamboyevning fikricha, Sooronbay Jeenbekov yumshoq inson emas.

«Siz uning qat'iyligini hali ko‘rasizlar. Uning jahli chiqsa, u hattoki Obamani ham haydab yuborishi mumkin», - deya hazil qilgan prezident.

«Ko‘pchilik menga xiyonat qildi. U esa har doim sodiq bo‘lib qoldi. Uni bilgan holda, shuni aytishim mumkinki, u meni sotmaydi. Shuningdek ishonchim komilki, u to‘g‘ri yo‘ldan boradi. Agar Jeenbekov xato qilsa, bu uning kulfati bo‘ladi», - dedi Atamboyev.

Shuningdek, Qirg‘iziston prezidentining fikricha, Umurbek Babanovning O‘shdagi chiqishida milliy nifoq belgilari bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish siyosatchining so‘zlari diqqatlik bilan o‘rganib chiqilganidan so‘ng ochilgan.

«Babanov kimlarningdir puliga sotilib bekor qildi. Tinchgina yashaganida hammasi yaxshi bo‘lgan bo‘lardi. U esa nima qildi? Uning chiqishini eshitmaganlar bo‘lsa, tarjima qilib, eshitib olishlari mumkin», - dedi Atamboyev.

Bundan tashqari, u Jo‘qorg‘i Kenesh deputati Kanatbek Isoyevga nisbatan ish yuzasidan ham izoh berdi. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, Isoyevga qarshi videoyozuvlardan tashqari, hujjatlar ham bor.

Top