15:40 / 21.11.2017
28727

Toshkentda vagon ostiga berkitilgan qurol topildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorliqda, vagon va konteynerlarni bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazish jarayonida Xitoy Xalq Respublikasidan yuk qabul kiluvchi “Ahmad Isroil Tex” MChJ nomiga kelgan mahsulotlar yuklangan konteyner ortilgan vagonning pastki qismida g‘ildirak juftligining o‘rtasiga ustalik bilan yashirilgan sariq rangli polietilen paket borligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur polietilen paket guvohlar ishtirokida olinib, ochib ko‘rilganda, uning ichida qurol va uch dona o‘q hamda oldi qismiga burab qotiriladigan temirdan yasalgan qo‘shimcha moslama borligi aniqlandi.

Agarda ushbu qurolni yashirib olib o‘tish bilan bog‘liq holat bojxona xodimlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmaganda manfur maqsadlarni ko‘zlagan jinoyatchilar tomonidan turli yovuzliklar sodir etilishi mumkin edi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Shuni ta'kidlash joizki bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida, 56 dona o‘q-otar quroli, 643 dona o‘q, 16 685 dona kapsula hamda 3486 dona gilzalarning g‘ayriqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Top