15:00 / 22.11.2017
25956

Bitkoin tufayli boyib ketgan 6 kishi va 1 mamlakat

2017 yil boshidan buyon bitkoinning narxi 960 dollardan 8000 dollargacha ko‘tarildi va o‘z-o‘zidan, unga ega ko‘pchilik yaxshigina pul ishlab oldi. Garchi bitkoinlarni saqlashda anonimlik ta'minlansa-da, ulardan ba'zilarini taniymiz, ba'zilari esa o‘zlari hikoya qilib berishadi. Insider.Pro bitkoinda katta kapital yiqqanlarning ro‘yxatini e'lon qildi.

Egizak Uinklvosslar

Foto: Time 

Ehtimol siz Tayler va Kemeron Uinklvosslar haqida eshitgan chiqarsiz — ular Facebook’da ulushga ega ekanliklarini da'vo qilib chiqishgan va «Ijtimoiy tarmoq» filmida ham ancha kulgili alfozda tasvirlanishgan.

Garchi ularning bitkoin-ETF kriptovalyutasini ro‘yxatga olishga rad javobi berilgan bo‘lsa-da, 2013 yilda bitkoinga 11 mln. dollar tikib (o‘shanda ular muomalada bo‘lgan kriptovalyutaning 1 foizini xarid qilishgan), hozirda boyliklari 21 barobarga o‘sgan va endi 231 million dollarga teng.

 

Barri Silbert, kriptovalyutalar qiroli

Foto: Time 

Venchur kapitalist va Digital Currency Group asoschisi Silbert bitkoinda ulkan salohiyatni juda erta ilg‘aganlardan biri. Aytilishicha, u 48 mingta bitkoinni 2014 yilda AQSh marshallar xizmati o‘tkazgan auksionda xarid qiladi (bungacha hukumat har qanday narkotikni xarid qilish mumkin bo‘lgan maxfiy onlayn-bozor Silk Road’ning katta miqdordagi pullarini olib qo‘ygan edi). O‘shanda ilk kriptovalyutalarning bir donasi 350 dollardan xarid qilingan bo‘lib, o‘tgan vaqt mobaynida Silbertning ulushi 16 martaga — 16,8 million dollardan 268,8 milliongacha oshgan.

 

Tim Dreyper, milliarder va venchur kapitalist

Foto: Time 

Skype’ga ertaroq investitsiya kiritgani uchun milliardlab boylik ishlab olgan venchur kapitalist Dreyper 2014 yilda o‘sha hukumat auksionida 30 mingta bitkoin sotib oladi. O‘shanda lot unga 19 million dollarga tushgan, hozir esa uning bahosi 171 million dollarga teng.

 

Charli Shrem, bitkoin foydalanuvchilarining ilk to‘lqini ishtirokchisi

Shrem taniqli bo‘lsa ham qayg‘uli tomondan tanilgan. Tadbirkor bitkoinning ilk ixlosmandlaridan biri va Bitcoin Foundation’ga a'zo edi, biroq oqibatda bu tashkilotning bir necha rahbarlari tergov qilinadi. Shremning o‘zi pul yuvishda ayblanib, ikki yilga qamaladi. Keyin u kriptotexnologiyalarga investitsiya kiritishga mo‘ljallangan startaplari bilan bozorga qaytadi. Garchi unga tegishli bitkoinlar soni aniq oshkor etilmasa-da, qachonlardir u bir necha ming bitkion sotib olgani taxmin qilinadi va ular hozir bir necha million dollar turadi.

 

Toni Gallippi, top-menejyer

Foto: Time 

Gallippi — Bitpay kliptovalyuta kompaniyasining hammuassisi va boshqaruvi rahbari. U eng yirik miqdordagi bitkoinlarga egalik qiluvchi shaxslardan biri hisoblanadi. Gallippining o‘zi investitsiyalari hajmini oshkor etmaydi, lekin u 20 million dollar atrofida baholanadi.

Satosi Nakamoto, bitkoin g‘oyasi muallifi

Nakamoto — kriptovalyutalar g‘oyasining sirli asoschisi. 2009 yilda u kriptovalyutalarni ishlash mexanizmi haqida maqola e'lon qiladi, keyinchalik yashirinib oladi, uning haqiqiy ismi hanuzgacha aniq emas.

Nakamoto kimligini aniq bilmasak ham, uning bitkoinlari ko‘pligi aniq. Xususan, bitkoin yaratuvchilaridan biri 2013 yilda Nakamotoda 1 million bitkoin bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib bergan. To‘g‘ri, agar Nakamoto o‘zining barcha zaxiralarini sotmoqchi bo‘lsa, bitkoin narxini keskin tushirib yuborgan bo‘lardi.

AQSh hukumati

Foto: Time 

Yuqorida qayd etib o‘tilganidek, 2013 yilda Silk Road’ni yopish asnosida FQB (FBI) 114 mingta bitkoinni musodara qilgan va tarmoqdagi eng yirik bitkoin-hamyon egasiga aylangan. Keyinchalik hukumat bitkoinlarni sotib, 48 million dollar ishlagan. Ozgina kutib turganida bundan ancha ko‘proq mablag‘ ham ishlagan bo‘lardi.

Bundan tashqari, AQSh soliq xizmati raqamli valyutani soliq solinishi kerak bo‘lgan mulk, deb hisoblaydi, shu bois narx o‘sishidan foyda qilib soliq to‘lamayotgan uning egalarini fosh qilish uchun yuridik kurash olib bormoqda. Aftidan, bu tekshiruv ostiga barcha bitkoin-tranzaksiyalar tushadi va AQSh federal hukumatining bitkoindan yana millionlar ishlab olishi ehtimoldan xoli emas.

Top