11:43 / 22.11.2017
38452

Toshkentda yosh qizni pichoqlab, uyiga o‘t qo‘yganlar ushlandi

Foto: KUN.UZ

Ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan biridan chiqayotgan tutun barchaning e'tiborini tortdi. Yon qo‘shnisi shoshib chiqib, uy eshigini taqillatdi. Eshik isib ketgan, ichkaridan sado chiqmadi. Yong‘in sodir bo‘lgani aniq edi. U tezda yong‘in o‘chirish xizmatiga xabar qildi, deb yozmoqda O‘zA. 

Zum o‘tmay yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etgach, xonadonni sinchiklab ko‘zdan kechirishdi. Uyda kuyib ketgan inson tanasi borligi aniqlandi. Voqea joyiga jinoyat qidiruv bo‘yicha tezkor xodimlar hamda kriminalistlar yetib kelishdi. 

Yaqindagina ta'mirdan chiqarilgan xonadonning shu ahvolga kelgani, uy sohiblaridan birining bunday fojiali o‘limidan hamma karaxt edi. O‘z uyiga qaytib kelib, mudhish voqea ustidan chiqqan ayolning dod-faryodi esa olamni tutdi... 

Ayol voyaga yetgan yolg‘izgina qizidan ayrilib qolganiga chiday olmay, nega shu olovda men yonmadim, deya yer mushtlardi... 

Ammo fojia sodir bo‘lgan, uni ortga qaytarish yoki to‘g‘rilash imkonsiz. 

Har qanday qalbni o‘rtovchi, vujudni seskantiruvchi bunday fojia o‘z ortidan ko‘plab savollar qoldiradi: "Nega shunday bo‘ldi?", "Uning oldini olish mumkinmidi?", "Bu uyda noxushlik bo‘layotganini nega qo‘shnilar payqamadi?"... 

Bunday savollarga ko‘pincha aniq javob topilmasligi taassufli. Eng yomoni, bu voqea yonginamizda, Toshkent shahar Uchtepa tumanida ro‘y bergan. Bunday xunuk voqea boshqalarni chetlab o‘tishiga esa kafolat yo‘q. Shuning o‘zi bizni ogohlikka, hushyorlikka da'vat etadi. 

...Endigina voyaga yetgan Alinaning tanishlari ko‘p edi. Shulardan biri Temur onasi ertalab ishga ketgach, Alina yolg‘iz qolishini yaxshi bilardi. U kunlarning birida ertalab uy oldiga sheriklari bilan kelib, mana shu daqiqani kutib o‘tirdi. Ona uydan chiqib, ancha uzoqlashgach, ular yo‘lakka o‘zlarini urdi. 8-qavatga ko‘tarilishgach, ulardan biri xonadon eshigini taqillatdi. Alina tirqishdan eski tanishini ko‘rib suyunib ketdi va eshikni ochdi. Temur esa eshikni ataylab ochiq qoldirib, ichkariga yo‘naldi. Sal o‘tib eshikdan kutilmagan yana ikki mehmon kelganidan qiz hayron bo‘ldi. 

Yigitchalar vaqtni o‘tkazmay uyni tintishga tushib ketishdi. Shu orada ular qizga pichoq o‘qtalib qo‘rqitish, undan moddiy qimmatliklarni topib berishni talab qilishni ham unutmadi. Undan javob ololmay, xunob bo‘lgan talonchilar tap tortmay qizning duch kelgan joyiga pichoq bilan jarohat yetkaza boshladi. Voqeaning bunday tus olishini kutmagan qiz qo‘rqqanidan pullar saqlanadigan joyni ko‘rsatdi. 

Talonchilar bor jamg‘armani olish bilan cheklanmay, uydagi texnika vositalarini ham olib, eshikka yo‘l oldi. Ular shu zaylda chiqib ketganida olam guliston edi. Biroq, qilmishlarining izini yo‘qotish maqsadida tez yonuvchi suyuqlikni uyga sepib, o‘t qo‘yishadi. Shundan keyingina juftakni rostlashadi. 

Olov ichida qolgan qiz eshikni duch kelganga ochib xato qilgani uchun o‘zini koyir, bu jahannamdan chiqishga chora qidirardi. Ammo olgan jarohatlari tufayli ko‘p qon yo‘qotgani uchun qochishga unda majol yo‘q edi. Hayotga hali to‘ymagan 18 yoshli qiz o‘z ajali bilan o‘lsa ham ko‘zlari ochiq ketardi. Biroq tilsiz yov bo‘lgan olov shunga ham imkon bermadi... 

Xo‘sh, bunday vahshiylikni sodir etganlar kimlar edi? Ulardan biri Eldor, ikkinchisi Ahmad bo‘lib, bu mudhish jinoyatni sodir etgan vaqtda ular kollej o‘quvchisi edi. (Dastlabki tergovda Temurning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan). 

Jinoyatchilar shuncha vahshiylik evaziga olgan moddiy boyliklarning umumiy qiymati 2,3 million so‘mga teng edi, xolos. Bir qarashda, ular bir inson hayotini ana shunday arzon baholashdi. Holbuki, o‘zlariga tengdosh, orzulari hali bir olam bo‘lgan qizning hayotini moddiyat bilan o‘lchab qattiq adashgandi. Zotan, marhuma uni bir ko‘z bilan o‘stirgan onasi uchun bebaho edi. Milliy qonunchiligimiz nuqtai nazaridan ham inson hayoti oliy qadriyat bo‘lib, unga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat hisoblanadi.

Garchi surishtiruv va tergov jarayonida ayblanuvchilar aybini bo‘yniga olmasdan, voqeani har xil yo‘sinda xaspo‘shlamasinlar, guvohlarning ko‘rsatmalari barini oydinlashtirib berdi. Harqalay, voqea arafasida, undan keyin bo‘lgan hodisalarni ko‘rganlar o‘z ixtiyori bilan guvohlik berib, haqiqat qaror topishi uchun sobit turishdi. (Ba'zan boshimga tashvish orttirib nima qilaman, qabilida o‘zini chetga oladiganlar, loqaydlikka berilganlar jinoyatning ochilmay qolishiga sabab bo‘lishi sir emas). 

– Sud majlisida aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchilar oldindan til biriktirib, pichoq bilan qurollangani ma'lum bo‘ldi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Muhtarama Turg‘unova. – Ular jabrlanuvchining uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, pul talab qilishgan. Shafqatsizlarcha marhumaning 51 joyiga tan jarohati yetkazishgan. Bu ish bo‘yicha to‘plangan dalillar va ekspertiza xulosalari bilan o‘z isbotini topdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida jazo adolatli bo‘lishi hamda har bir holatda jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi belgilangan. Sud sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratdi. Sudlanuvchilardan biri Ahmad – 8, ikkinchisi Eldor – 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Jinoyatchilar jazosini oldi. Biroq marhumaning onasi qalbida bir umrlik bitmas jarohat qoldi. 

Bunday voqealar har birimizdan kamolga yetayotgan o‘g‘il va qizimizning yurish-turishidan, o‘y-fikrlari, orzu-maqsadlaridan voqif bo‘lishimiz shartligini ko‘rsatib turibdi. Noto‘g‘ri fikr yuritsa, nojo‘ya qadam tashlasa, buni darrov fahmlab, to‘g‘ri yo‘lga solsak, ular fojialar komiga tushib qolmaydi. 

Top