18:52 / 23.11.2017
22883

Xoinlik kechirilmaydi

Insonning o‘z yurtiga va xalqiga xiyonat qilishi og‘ir gunohdir. Ana shu haqiqatni anglab yetmaganlar bugun oilasi, xalqi, Vataniga xoinlik qilish yo‘liga kirib qolmoqda.

Ammo ular bunday qabihliklar ortida achchiq qismat yotganligini afsuski, kech anglamoqda. Samarqandlik Rasul Tolibov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan), Begzod Jasurov, Jamshid Jalilov, Alijon Aliyev, Sayfulla Nabiyev, Tolliboy va Olim Sharipovlar ana shunday achchiq qismatga duchor bo‘lganlardan, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Hamtovoqlar til biriktirib, o‘z mamlakati konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish mazmunidagi ma'ruzalardan saboq olishgan. Ular uch yil mobaynida jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etish maqsadida Afg‘oniston, Suriya, Iroq davlatlarida tashkil qilingan diniy ekstremistik guruhlar g‘oyalarini boshqalarga ochiqdan-ochiq targ‘ib qilishgan. Turli davralarda ma'ruza va videolarni qo‘yib, diniy suhbatlar o‘tkazishgan. Kishilarni Suriyadagi terrorchi guruhlar safiga qo‘shilishga da'vat etib, o‘zlari ham Turkiya orqali Suriya davlatiga chiqib ketish rejasini tuzganlar.

Ularni juma namozlaridagi rasmiy imomlarning tinchlik haqidagi ma'ruzalari emas, yangi topishgan birodarlarining “jihod”, “hijrat” haqidagi gaplari, Suriya va Iroqda tashkil etilgan islom davlatidagi “kofirlar zulmidan aziyat chekayotgan musulmon birodarlarga qarshi din yo‘lida jang qilayotgan, “haqiqiy musulmonlar” haqidagi jo‘shqin hikoyalar qiziqtirardi. Yangi kelganlar birodarlaridan turli disklar, fleshkartalarda yozilgan diniy ekstremistik da'vatlar, ma'ruzalar, audio-videoroliklarni muntazam tinglar, bilar-bilmas suralar yodlab, “bilimini oshirardi”. Kamiga birodarlari bilan suhbatlar mavzusi ham faqat shu haqda edi.

Ammo ular o‘zlarining yovuz rejalarini amalga oshira olishmadi, qabih niyatlariga yetisha olmadi. Bu kimsalarning jirkanch qilmishlari huquq-tartibot organlari tomonidan fosh etildi.

Tergov davomida juda ko‘p holatlarga oydinlik kiritildi. Muazzam dinimizning asl mohiyatini yetarlicha tushunmasdan, chala-chulpa tushunchalarga ko‘r-ko‘rona ishonib, kimlarningdir qo‘lida qurolga aylanishga harakat qilgan bunday kimsalardan ham nafratlanasan, ham ularga achinasan kishi. 

Sud hukmi bilan Rasul Tolibov, Begzod Jasurov, Jamshid Jalilov, Tolliboy va Olim Sharipovlar, Alijon Aliyev hamda Sayfulla Nabiyevlarning har biri 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Top