Misrning Sinay yarimorolidagi masjidda sodir etilgan terakt qurbonlari soni 235 nafarga yetdi. Bu haqda Misr davlat televideniyesi ma'lum qildi. Halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor, deb xabar bermoqda “Ar-Arabiya” telekanali.
130 ga yaqin odam yaralangan.
24 noyabrda Shimoliy Sinay viloyatining poytaxti Al-Arishdan 40 km uzoqlikda joylashgan Ar-Raud aholi punktidagi masjidda juma namozi vaqtida portlash sodir etilgan. Masjidni 4 ta mashinada qurshab olgan jangarilar portlashdan keyin masjiddan yugurib chiqayotgan odamlarni o‘qqa tutganlar. Guvohlarning aytishicha, jangarilar, shuningdek, voqea joyiga kelayotgan tez yordam mashinalarini ham o‘qqa tutganlar.
Mamlakatda terakt qurbonlari xotirasiga 3 kunlik motam e'lon qilindi. Ayni vaqtda birorta ham terrorchilik guruhi ushbu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.