08:45 / 24.11.2017
23951

Vazirlar Mahkamasi jazoni o‘tash muassasalari bo‘yicha yangi qaror chiqardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jazoni o‘tash muassasalari huzurida davlat unitar korxonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari huzurida ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiradigan davlat unitar korxonalarini ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarining muassislari hisoblanadi.

Jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarini yuqori malakali menejyerlar, mutaxassislar, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan ta'minlaydilar.

Quyidagilar tashkil etiladigan davlat unitar korxonalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatini, jumladan, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish orqali rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta'minlash;

ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatida ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakl va uslublarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash;

uskunalar va boshqa texnikadan foydalanish, moddiy-texnika va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash samaradorligini oshirish, uskunalarni saqlash, ularni joriy ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa ishlarni bajarish;

o‘zlariga beriladigan va jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan obektlar hamda hududlarni shaharsozlik normalari va qoidalari, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq sifatli saqlash hamda ulardan foydalanishni ta'minlash; 

o‘z ishlab chiqarish faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etish;

jazoni ijro etish muassasalari bilan shartnoma asosida mahkumlar bandligini ta'minlash va ular uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ishlarini tashkil etish;

mahkumlarda zarur mehnat ko‘nikmalari va mehnatni hurmat qilish munosabatlarini shakllantirish, mehnat natijasida mahkumlarning ma'naviy va moddiy manfaatdorligi uchun sharoitlar yaratish;

mehnat intizomi, texnologik intizom va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta'minlash.

Davlat unitar korxonalari faoliyati quyidagilar hisobiga moliyalashtirilishi belgilandi:

faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishdan tushadigan daromadlar;

davlat unitar korxonalarining davlat mulkini tashkilotlarga qonun hujjatlariga muvofiq ijaraga berishdan tushadigan daromadlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid
Top