14:15 / 25.11.2017
64631

Bir guruh dindorlar hibsga olinishi bilan bog‘liq xabarlarga oydinlik kiritildi  

Foto: KUN.UZ

16-21 noyabr kunlari ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xabarda aytilishicha, maxsus xizmat xodimlari Toshkent shahri va Chinoz, Yangiyo‘l tumanlarida istiqomat qiluvchi bir necha dindorning uyida reyd o‘tkazgan. KUN.UZ muxbiri Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev bilan bog‘lanib, ushbu voqeaga oydinlik kiritdi.

Tarqatilgan bu xabarlarda, shuningdek, odamlarning uylarida tintuv o‘tkazilgani, dindorlarning o‘zlari so‘roq qilingani, ulardan ayrimlari haligacha qo‘yib yuborilmagani haqida aytilgan. Ammo Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘ining aytishicha, "ikki soat ham davom etmagan so‘roqdan so‘ng, hech kim ushlab qolinmagan".

Ma'lum qilinishicha, 1986 yilda tug‘ilgan Go‘zal To‘xtaxo‘jayevaga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244- (Ommaviy tartibsizliklar) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 2009 yilda Toshkent shahar Uchtepa tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan qidiruvga berilgan. Ayni paytda G.To‘xtaxo‘jayevani qo‘lga olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari uning qayerdaligidan xabardor, u bilan yaqin aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan, lekin bu haqda ichki ishlar organlariga o‘rnatilgan tartibda xabar bermagan shaxslarni so‘roq qilmoqda.

Shuningdek, Toshxo‘jayev Toshkent viloyati Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarida istiqomat qiluvchi aholi so‘roq qilinmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Go‘zal To‘xtaxo‘jayevaning qayerdaligini bilgan yoki uni ko‘rganlar bo‘lsa 102 yoki 281-93-02, 281-92-80, 281-94-45, 281-93-23 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish yoxud yaqin-atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishi so‘raladi.

Top