10:39 / 27.11.2017
42501

Afg‘onistonda IShID dala qo‘mondoni qo‘lga olindi, u o‘zbek ekani aytilmoqda

Foto: AFP

Afg‘onistonning Juzjon viloyatidagi Shibirg‘on shahrida xavfsizlik kuchlari IShID terrorchilik tashkilotining yuqori nufuzli dala qo‘mondoni Sherzod Anvarovni qo‘lga olishdi. Xabar qilinishicha, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan bu shaxs IShIDning 36 jangarisiga rahbarlik qilgan.

Juzjon viloyati ma'muriyati vakili Muhammad Rizo G‘afforiyning xabar berishicha, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan dala qo‘mondoni Sherzod Anvarov Shibirg‘on shahrida ushlangan.

"U IShIDning Juzjon viloyatidagi yetakchilaridan biri bo‘lgan. Tergov davomida u IShIDning Juzjondagi dala qo‘mondonlaridan biri sanalishini tan oldi. Sherzod Anvarov Shibirg‘on orqali Markaziy Osiyodagi respublikalardan biriga chiqib ketishni rejalashtirgan. Biroq, u aynan qaysi mamlakatga bormoqchi bo‘lgani hozircha aniqlanmadi", - deya xabar bergan Muhammad Rizo G‘afforiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Juzjon viloyatida IShIDning asli kelib chiqishi afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik bo‘lgan bir necha dala qo‘mondoni bor.

"IShIDning Juzjon viloyatidagi faoliyati uchun afg‘onistonlik Qori Hikmat, Mufti Ne'mat va o‘zbekistonlik Sherzod Anvarov javobgar sanaladi. Sherzod Anvarov – IShIDning so‘nggi vaqt ichida qo‘lga olingan uchinchi jangarisi. Avvalroq Bag‘lon va Sangan viloyatida mahalliy politsiya tomonidan terrorchilik guruhining yana ikki jangarisi – Muqim hamda Xushmuhammad qo‘lga olingandi", - deya aytib o‘tdi Muhammad Rizo G‘afforiy.

Top