18:00 / 27.11.2017
15378

Mourinoning rekordi, Venger - to‘rtinchi o‘rinda, Gvardiola - «kosmosda». APLda tur natijalari

«Tribuna» Angliya premer-ligasining 13-tur yakunlarini hisob qiladi.

Villian zarba berganmidi?

«Chelsi» va «Liverpul» jamoalari uchrashuvidan keyin Angliyada barchani bir savol qiziqtirardi: oxirgi daqiqalar o‘tayotgan vaqtda Villian zarba berganmidi yoki to‘p uzatgandi? Antonio Konte bu savolga shunday javob qaytardi: bu muhim emas, muhimi «Enfild»da durangga erishdik.

Villianning o‘zi esa yuzida tabbassum bilan «albatta bu zarba bo‘lgani» haqida gapirdi. BBC ekspertlari esa unga ishonishmadi, ammo futbolchini bu qiziqtirmaydi.

Yurgen Klopp esa boshqalardan farqli ravishda «Chelsi» futbolchisining oxirgi daqiqalardagi qahramonligini yuqori baholamadi. U jamoa darvozaboni Minolening xatosini ham eslamadi. Ammo u «ko‘klar»ga hujum qilib qo‘ydi: «Qachonki raqib 8 kishi bo‘lib himoyalanar ekan, hujum uyushtirish qiyinlashadi».

«Liverpul» bunday muammo bilan avvalgi turlardan birida, «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda ham to‘qnashgandi.

«Manchester Siti»ning yuz rekordi

«Haddersfild» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi uchrashuv tanaffusi vaqtida tvitter jamoalarning tarkiblari narxini hisoblab chiqdi. transfermarkt.de ma'lumotiga ko‘ra liga debyutanti futbolchilarining umumiy narxi – 34,8 million funt. «Manchester Siti»ning zaxira futbolchilari qiymati esa – 174,4 million funt. Ammo birinchi bo‘limda maydon egalari g‘alabasi qayd etildi: qo‘shimcha daqiqalar tugayotgan vaqtda Otamendi o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.

Gvardiola jamoasi ikkinchi bo‘limda o‘z darajasini ko‘rsatib qo‘ydi: jamoa futbolchilari kiyim almashtirish xonasidan chiqishi bilanoq Sterling penalti ishladi va Aguero uni aniq amalga oshirdi. 84-daqiqada angliyalik futbolchining o‘zi gol urdi.

Bu g‘alabadan keyin «Manchester Siti» ochkolari sonini 37taga yetkazdi. Jamoa 11 turdan buyon safar o‘yinlarida faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Shu bilan birga jamoa qatorasiga 18 o‘yinda g‘alaba qayd etgan ilk ingliz jamoasidir. «Manchester Siti»dan bu mavsumda faqat bir jamoa, mavsumning eng parokanda jamoasi bo‘lib turgan «Everton» ochko olgan.

«Byornli» - «Arsenal»: Dejavyu

Bu endi shunchaki tasodif emas, balki tavqi la'natdir.

2016 yilning oktabri: Koselni 90+3 daqiqada gol uradi, «Arsenal» 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
2017 yilning yanvari: Aleksis Sanches 90+8 daqiqada penaltidan gol urdi va «Arsenal» 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
2017 yilning noyabri: Aleksis Sanches 90+2 daqiqada penaltidan gol urdi va «Arsenal» 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Bu safar Daychda o‘z jamoasiga emas, hakam Meysonga e'tirozlar bor. U Tarkovski Remsiga fol qilmagan vaziyatda 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. 

Bu ochkolar «kanonirlar»ga turnir jadvalida «Tottenhem»ni quvib o‘tib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishini ta'minladi (Arsen Venger nihoyat o‘z sevimli joyiga qaytdi). «To‘rtlikka qaytganimiz haqida gapirishga hali erta. Premer liga turnir jadvali har kuni o‘zgaradi», deya o‘yindan keyin intervyu berdi fransiyalik mutaxassis.

«Old Trafford»: Orzular qal'asi

«Manchester Yunayted» stadionini bir vaqtlar orzular teatri deb atashardi. Ammo hozirda bu tomosha o‘yingohidan ko‘ra ko‘proq o‘tib bo‘lmas yopiq qal'aga aylangan. «MYu»ning sobiq futbolchisi Erik Kantona shu kunlarda o‘ziga xos fikr bildirdi: «Menga qolsa, jamoani Pep Gvardiola shug‘ullantirsin edi. Menga uning o‘yin uslubi yoqadi. Men nega klub o‘zining himoyaviy o‘yini bilan ajralib turuvchi Joze Mourinoni ishga yollaganini tushunmayman».

O‘z maydonida «Brayton»ga qarshi o‘yinda «qizil iblislar» 90 daqiqa davomida hujumkor o‘ynashmadi va faqat mehmonlar himoyachisi Dankning avtogoli natija keltirdi.

Lekin «Manchester Yunayted» ser Mett Basbi davrida o‘rnatilgan rekordni - uy uchrashuvlarida mag‘lubiyatsiz 39 uchrashuvdan iborat seriyani takrorladi. Oxirgi marta Mourino jamoasi 2016 yilning sentabrida o‘z uyida «Manchester Siti»ga mag‘lub bo‘lgan.

Keynda yuztalik

«Tottenhem» o‘z uyida «boshsiz chavandoz»ga aylangan «Vest Bromvich»ni qabul qildi. Bir hafta ilgari jamoa Toni Pulisni ishdan bo‘shatgandi. Odatdagi kabi murabbiyi ketgan barcha jamoalar kabi «Vest Bromvich» ham yaxshiroq o‘yin namoyish etdi va «qorayaloqlar» «Uembli»dan g‘alaba bilan qaytishi ham mumkin edi, 74-daqiqagacha Solomon Rondonning goli yagonaligini saqlab turgandi, ammo Harri Keyn Dele Allining pasidan keyin hisobni tenglashtirdi.

Bu gol angliyalik yosh hujumchi uchun yubiley natija bo‘ldi - u jamoasining premer-ligada urgan 100 golida ishtirok etgan (87 gol va 13 pas). Ammo Keyn o‘z o‘yinidan qoniqish hosil qilmadi: «Durang qoniqarsiz hisob».

Albatta, qoniqarsiz hisob. Axir «MYu»dan endi 5 ochko ortda qola boshladi va «Chelsi»ga yetib olish imkonidan mahrum bo‘lib, «Arsenal»ni oldinga o‘tkazib yubordi.

Turning barcha natijalari:
«Vest Hem - «Lester» – 1:1 (1:1).
Gollar: Olbrayton, 8 (0:1). Kuyate, 45 (1:1).
«Suonsi» - «Bornmu«» – 0:0.
«Tottenhem» - «Vest Bromvich» – 1:1 (0:1).
Gollar: Rondon, 4 (0:1). Keyn, 74 (1:1).
«Kristal Pelas» - «Stouk Siti» – 2:1 (0:0).
Gollar: Shaqiri, 53 (0:1). Loftus-Chik, 56 (1:1). M.Sako, 90+2 (2:1).
«Manchester Yunayted» - «Brayton» – 1:0 (0:0).
Gol: Dank, 66 – avtogol.
«Nyukasl» - «Uotford» – 0:3 (0:2).
Gollar: Hyuz, 19 (0:1). Yyedlin, 45+1 - avtogol (0:2). Grey, 62 (0:3).
«Liverpul» - «Chelsi» – 1:1 (0:0).
Gollar: Saloh, 65 (1:0). Villian, 85 (1:1).
«Sauthempton» - «Everton» – 4:1 (1:1).
Gollar: Tadich, 18 (1:0). Sigurdsson, 45 (1:1). Ostin, 52 (2:1). Ostin, 58 (3:1). Deyvis, 87 (4:1).
«Byornli» - «Arsenal» – 0:1 (0:0).
Gol: Sanches, 90+2 - penaltidan.
«Haddersfild» - «Manchester Siti» – 1:2 (1:0).
Gollar: Otamendi, 45+1 - avtogol (1:0). Aguero, 47 - penaltidan (1:1). Sterling, 84 (1:2). Chetlatish: van La Parr (H).

Turnir jadvali

Mavzuga oid
Top