16:31 / 28.11.2017
13845

Yangi harbiy okrugda Serjantlar forumi bo‘lib o‘tdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Samarqand shahrida "Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarishda serjantlar tarkibining tutgan o‘rni va roli" mavzusida Serjantlar forumi o‘tkazildi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Bugun askarlarning ustozi, ofitserlarning birinchi yordamchisi, milliy armiyamizning tayanch ustunlari bo‘lmish serjantlar zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, yuksak intellektual salohiyat sohibi bo‘libgina qolmay, eng avvalo, zamonaviy, ixcham va professional milliy armiyamizning o‘zagini tashkil etuvchi harbiy xizmatchilar sanalishadi.

Tadbirda Samarqand viloyati xokimi Turobjon Jo‘rayev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidov, senator, O‘zbekiston xalq shoiri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev va kengash a'zosi, taniqli kinorejissyor Hilol Nasimov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati Kengashi raisi Rustam Qobilov va boshqalar forum ishtirokchilariga sharafli harbiy xizmatda va mas'uliyatli vazifalarini bajarishda muvaffaqiyatlar tilashdi.

Forum doirasida harbiy xizmatchilarga Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Samarqand viloyat kengashi tomonidan turli-tuman texnika maketlari hamda Samarqand viloyat Hunarmandlar uyushmasining naqqoshlik va miniatyura san'ati namunalari namoyish etildi. Ayniqsa, “Kitoblar olami” savdo majmuasi tomonidan tashkil qilingan jahon va o‘zbek hamda bolalar adabiyotini qamrab olgan kitoblar rastasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Forumning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Samarqand shahrida joylashgan tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi, shundan so‘ng Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat Musiqali drama teatrida “Imon” spektaklini tomosha qilishdi.

Top