8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

21:20 / 30.11.2017 32384

Prezident farmoni: qiynoq qo‘llab olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanilmaydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga imzo chekdi.

Hujjatga berilgan rasmiy sharhda qayd etilishicha, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta'minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, «Xabeas korpus» institutini qo‘llashni kengaytirishni nazarda tutuvchi 50dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibining bekor qilingani sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas'uliyatini oshirish imkonini berdi.

Natijada faqatgina 2017 yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangan. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3 511 ta jinoyat ishi tugatilgan.

Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta'minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda.

Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, aholining asosli e'tiroziga, uning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning xolisligiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan asosiy maqsadi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumptsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarning amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta'minlashdan iborat bo‘lgan «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 11-moddasiga muvofiq qonun normalarini aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat'i nazar, jinoyat protsessida qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Davlat rahbari o‘z Farmonida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e'tiborini mazkur talablarga qat'iy va og‘ishmay rioya etish zarurligiga qaratdi.

Qayd etilgan organlar protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan olingan ma'lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalillar sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirildi. Bunday qonun buzilishi va ruxsat etilmagan uslublar orasida, birinchi navbatda, qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari qayd etilgan.

Farmon bilan Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanmoqda. Protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta'kidlandi.

Qonunchilikda mavjud bo‘shliqni hisobga olgan holda, shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar va ashyolarga bila turib yolg‘on ma'lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan holatlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuvlar berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Shuningdek, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashning qator qo‘shimcha kafolatlari kiritilmoqda.

Xususan, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan shaxsga tegishli vakolatli organga keltirilgan vaqtdan boshlab 72 soat ichida mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqi berilmoqda.

Qiynoqqa solganlik haqidagi arizalarni o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish maqsadida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarni prokuratura organlari yoki sud tomonidan majburiy tekshirish kiritilmoqda. Tekshirish o‘tkazishda tibbiy ekspertiza tayinlanishi shart.

Asosiy protsessual harakatlarni majburiy video qayd etish dalillarni to‘plash va mustahkamlashda qonuniylik va xolislikni ta'minlashga qaratilgan muhim yangiliklardan hisoblanadi. O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, shuningdek, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va tergov eksperimenti bunday harakatlarga kiritildi.

Bundan tashqari, hozirgi vaqtga qadar himoyachi dalillar emas, balki dalil sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni to‘plash huquqiga ega bo‘lgan, bu sudda ishlarni yuritishda tortishuv prinsipi buzilishiga olib kelar edi. Shuning uchun, himoyachiga jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi shart bo‘lgan dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqi beriladi.

Dalillarni to‘plash va mustahkamlashning qonuniyligini ta'minlashda prokurorga muhim vazifalar yuklanib, u ozodlikdan mahrum qilingan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki ma'muriy qamoq qo‘llanilgan shaxslardan jinoyatlar to‘g‘risidagi olingan ariza, xabar va boshqa ma'lumotlarni zudlik bilan qayd etish va hal qilish haqidagi qonun talablariga rioya etilishini majburiy tarzda tekshirishi shart. Shuningdek, prokurorga mazkur shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlariga psixologik yoxud jismoniy ta'sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning javobgarlikdan ozod etilishi yuzasidan chalg‘itilganligi bo‘yicha choralar ko‘rish ham yuklatilmoqda.

Ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishining qonuniyligi prokuror tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Bu mahkumlar tomonidan qoidabuzarlik sodir etilganligi bahonasi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan suiiste'molchiliklarning oldini olish imkonini beradi.

Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritiladigan tegishli qonun loyihasida o‘z aksini topadi.

Qayd etilganlardan tashqari, vakolatli organlarga tashkiliy xarakterdagi qator topshiriqlar berilmoqda.

Xususan, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma'muriy qamoqni o‘tash joylarida videokuzatuv vositalarini o‘rnatish topshirilgan.

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida qonunchilikni hamda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish uslubiyotini yanada takomillashtirish, sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvni, jumladan «Elektron jinoyat ishi» tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Teglar

Top