18:40 / 30.11.2017
10033

Vaziyat yumshamoqda. Qatar amiri arab monarxlari sammitiga taklif etildi

Foto: TASS

Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniy Fors ko‘rfazining arab davlatlari hamkorligi Kengashining (Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni) 5-6 dekabr kunlari davomida Kuvaytda o‘tkaziladigan sammiti uchun taklif oldi. Bu haqda Qatar axborot agentligi xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, Qatar rahbariga oliy darajadagi sammitda ishtirok etish uchun Kuvayt amiri Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh tomonidan taklifnoma yo‘llangan.

Bundan avvalroq Kuvayt matbuoti 5-6 dekabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitga tayyorgarlik ko‘rish uchun dushanba kuni Fors ko‘rfazi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar tarqatgandi. Bu yig‘ilish yakunlari bo‘yicha rasmiy bayonot berilmadi.

Qayd etish kerakki, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va BAA keyingi oylar davomida Qatarni boykot qilib kelmoqda. Bu ziddiyatni hal etish uchun Kuvayt vositachi hisoblanadi. Bahrayn TIV rahbari Qatarning tashkilotdagi a'zoligini muzlatib qo‘yish tashabbusi bilan chiqqandi. Ushbu orol davlat qiroli esa ziddiyat bartaraf etilmagunicha, sammitda ishtirok etmasligini ma'lum qilgandi. Qatar amiri esa o‘z navbatida mintaqa davlatlarini inqirozdan chiqishni istamayotganlikda ayblagan.

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top