10:03 / 01.12.2017
5292
2030 yilga kelib avtomatlashtirish sababli 800 mln kishi ishsiz qolishi mumkin
Foto: EAST NEWS

McKinsey & Co konsalting kompaniyasi tahlilchilari avtomatlashtirish barcha odamlarga ta'sir qilishidan ogohlantirishmoqda. Optimistik ssenariy bo‘yicha avtomatlashtirish oqibatida 13 yildan keyin, ya'ni 2030 yilda 400 mln kishi, pessimistik ssenariy bo‘yicha esa 800 mln kishi, ya'ni butun ishchi kuchining beshdan bir qismi o‘ziga yangi ish izlashiga to‘g‘ri keladi. Odamlar yangi ish topish uchun qayta o‘qishlariga to‘g‘ri keladi va buni davlatning qo‘shimcha yordamisiz amallab bo‘lmaydi. 

Tahlilchilar bunday fikrga 46 ta davlatdagi 800 ta kasb haqidagi ma'lumotlarni tahlil qilishgandan keyin kelishdi. Ba'zi davlatlarda robot va algoritmlar ishchi vazifalarning uchdan bir qismini, qolganlarida esa 15 foizini o‘z zimmasiga oladi. Avtomatlashtirish sur'atlari va qamrovi mamlakatning iqtisodiy rivoji darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

McKinsey & Co prognozlariga ko‘ra, 13 yildan keyin 75 mln dan 375 mln gacha ishchi (umumiy ishchi kuchining 3-14 foizi) o‘z faoliyati yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Qolganlar ham yangi sharoitlarga moslashishlariga, jumladan malakalarini oshirish va yangilarini egallashga ko‘proq e'tibor qaratishlariga to‘g‘ri keladi.

Birinchi navbatda, robotlar stanoklar operatorlari, bek-ofis va tez tamaddi restoranlari xodimlari o‘rnini egallaydi. Bu odamlarda yangi kasblarni o‘zlashtirish, misol uchun keksa odamlarga qarovchi yoki bog‘bonlarga aylanish imkoni paydo bo‘ladi. Avtomatlashtirish xodimlarni boshqarish va muntazam ijtimoiy aloqalarni nazarda tutuvchi odamlarga eng kam xavf soladi. Shuningdek, kutilmagan vaziyatlarda ishlashni talab qiluvchi kasblar saqlanib qoladi. Bu toifaga bog‘bonlar, santexniklar va bolalarga qarovchilar kiradi. Maoshlardagi tavofut ham kuchayadi. Ayniqsa bu holat rivojlangan iqtisodiyotga ega davlatlarda kuzatiladi. McKinsey tahlilchilari hozirdanoq davlatlarga mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni tavsiya qilishmoqda. Misol uchun, ishsizlikdan sug‘urta, bir ishdan ketib hali ikkinchi ishga kirishga muvaffaq bo‘lmaganlarga yordam puli joriy qilish.

Barcha o‘zgarishlarga qaramay, avtomatlashtirish ko‘plab davlatlarda iqtisodiy o‘sishga olib keladi. Buni boshqa tadqiqotlar ham tasdiqlamoqda. JPMorgan banki mutaxassislari 105-15 yildan keyin avtomatlashtirish dunyo yalpi ichki mahsulotini 1,1 trln dollarga oshirishini prognoz qilmoqdalar. Bunda asosiy foydani eng yirik iqtisodiyotga ega davlatlar – AQSh va Xitoy ko‘radi.

Top