14:09 / 01.12.2017
13202

OITSga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarining 28-bandiga o‘zgartirish kiritildi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 28 noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2584-1.

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 6 sentabrdagi O‘RQ-442-son «Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2014 yil 15 apreldagi 5-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2584, 2014 yil 15 may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 20-son, 237-modda) bilan tasdiqlangan Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarining 28-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«28. Tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsni g‘ayriixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qaroriga yoki sud ajrimiga ko‘ra amalga oshiriladi.».

Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.

Mazkur buyruq rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top