16:51 / 02.12.2017
14680

Firibgarning achchiq qismati

Talaba, degan nomga erishish oson emas. Faqatgina oldiga aniq maqsad qo‘yib, maktab, akademik litsey va kollejda a'lo baholarga o‘qigan, bundan tashqari mustaqil ravishda bo‘lajak imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan abituriyentlargina oliy o‘quv yurtlarida o‘qish baxtiga muyassar bo‘lishadi. Fuqaro Shuhrat Boboyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham shunday baxtga erishgan abituriyentlardan. U o‘zining bilimi bilan Moskva Davlat Universiteti talabasi, degan nomga erishgan. Biroq unga o‘zga yurtda o‘qish og‘irlik qiladi. Shuning uchun ham o‘qishini respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga ko‘chirishga ahd qiladi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Sh.Boboyev shunday maqsadda yurgan kezlari Yakkasaroy tumanidagi istirohat bog‘larining birida fuqaro Nargiza Kamolova bilan tanishib qoladi. Shundan so‘ng ular qo‘ng‘iroqlashib, bir-birlaridan hol-ahvol so‘rab turadigan bo‘lishdi. O‘tgan yilning iyun oyida Shuhrat o‘zining maqsadi haqida Nargizaga ham aytadi. Unga iloji bo‘lganida, o‘qishini Toshkent Stomatologiya institutida davom ettirish niyatida ekanligini bayon etadi. Firibgarlikni o‘ziga kasb qilib, buning uchun bir necha bor sudlangan Nargiza esa, darhol tanishining bu maqsadidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolish rejasini tuzadi. U darhol Shuhratga yordam berishini aytib, bu ishni amalga oshira oladigan tanishlari borligini ham qistirib o‘tadi. Hatto u bu ishni tez orada bitirib berishga va'da berib, yigitning ishonchiga kiradi. Oradan bir kun o‘tib, Nargiza unga qo‘ng‘iroq qiladi. Tanishlari “perevod” xizmati uchun 25 mln so‘m so‘rayotganliklarini aytib, Shuhratni aldaydi. Yigit tanishining gaplariga ishonib, aytilgan pullarni uning qo‘liga tutqazadi va yana bir tanishi haqida o‘qishini o‘zi kabi Moskva Davlat Universitetidan Toshkent Stomatologiya institutiga ko‘chirish niyatida ekanligini aytadi. Nargiza uni ham tuzog‘iga ilintirish maqsadida, menga qo‘ng‘iroq qilsin, deb yigit bilan xayrlashadi. Mo‘may pulni osongina qo‘lga kiritgan Nargiza ularni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

Firibgarlik ortidan osongina pul topgan Nargiza endi ikkinchi ishga kirishadi. Chunki Shuhrat aytgan odam unga qo‘ng‘iroq qilgan edi. Bu safar u fuqaro Omon Boymirovning ishonchiga kiradi. Firibgarlik yo‘li bilan Omonni ham aldab, uni Moskva Davlat Universitetining stomatologiya bo‘limidan Toshkent Stomatologiya institutiga o‘qishini ko‘chirib berishga va'da beradi. Ayol O.Boymirovdan 12 mln so‘m olib, pullarni o‘z manfaatlariga sarflab yuboradi.

Pullarni qo‘lga kiritgan firibgar esa, na Shuhratning, na Omonning ko‘ziga ko‘rinadi, hatto qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermaydi. Shundan so‘ng jabrlanuvchilar ushbu holat bo‘yicha tegishli joyga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lishadi.

Tergov jarayonida ma'lum bo‘lishicha, N.Kamolova firibgarlikni avval ham bir necha marotaba sodir etib sudlangan, jazodan esa o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan ekan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi tomonidan unga besh yilu to‘qqiz oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top