22:48 / 02.12.2017
38736

Mo‘'jizalar ostidagi... og‘ir mehnat – Xitoy va Koreyaga sayohat taassurotlari

Dunyoda mamlakatlar ko‘p. Ularning soni 200 dan ortiq. Ammo ular orasida o‘z mehnati va sa'y-harakati bilan yuksak natijalarga erishgan, namuna bo‘lishga arziydiganlari oz. Ammo, shunday davlatlar borki, “Osiyo yo‘lbarslari” deb atalmish bu davlatlar tarix nuqtainazaridan o‘ta qisqa bo‘lgan bir davrda taraqqiyotning oliy cho‘qqilariga erishdi. Ha, xato qilmadingiz, bular Xitoy va Koreyadir. Jurnalist, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Sherzodxon Qudratxo‘jayev Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu mamlakatlarning ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olishi borasida kuzatishlari va fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

U dastavval Xitoy va Koreyada mehnat safarida bo‘lgani haqida yozar ekan, ularning bu qadar rivojlangani o‘zida qator savollarni paydo qilganini aytadi.

Foto: Facebook/Sherzod Kudratkhodjaev

“Bu xalqlar, ularning yashashi, davlatlarning gurkirab rivojlanishini ko‘rib menda ko‘plab savollar tug‘ildi - ulardan nimani o‘rganishimiz mumkin? Ibratli taraflari nimada? Qanday qilsak, ular singari jadal rivojlanishimiz mumkin? Koreya va Xitoy mo‘'jizasi zamirida nima yotibdi?, -  deya savol beradi Qudratxo‘jayev. - Axir yaqin 30 - 35 yil ichida Xitoy va Koreya o‘ta qoloq davlatlar edi”.

U savollariga javob topishga harakat qilar ekan, bugungi Xitoy YaIM (yalpi ichki mahsulot) bo‘yicha Amerika bilan teng raqobat qilayotgani, Koreya iqtisodiyoti dunyoda yetakchi 15 talikka kirishini ta'kidlaydi. Shu o‘rinda u o‘zining bir sirini o‘quvchi bilan baham ko‘radi:

“Ilgari Toshkentda yurganimda Xitoyning 1,5 milliard aholisi – uning muammosi, deb xom o‘ylagan ekanman. Aslida, bu uning boyligi, katta yutug‘i ekan. Chunki, 1,5 milliard odam - bu shiddatli, sog‘lom raqobat degani. Bu ilg‘or g‘oyalar, old tashabbuslar raqobati. Xitoy judayam ulkan bozor. Tasavvur qiling, Siz bitta mahsulot ishlab chiqardingiz, masalan, shokolad, yogurt yoki gazeta. Uning narxi atigi 1 dollar bo‘lsin. Mahsulotingiz taxminan 100 million odamga manzur bo‘lsa, demak, siz - multimillionersiz...”.

Qudratxo‘jayev Xitoyda mahalliy aholi vakilidan rivojlanishning bunday natijasiga qanday erishganining sirini so‘raydi va mezbon javobidan o‘zi ham taajjublangan bo‘lsa, ajab emas.

“Bir xitoylikdan so‘radim: “30 yilda bunday natijaga erishishning siri nimada?”

Hamsuhbatim kulgancha javob qildi: “Bizning boshqa ilojimiz yo‘q edi. Biz och edik!”

O‘ylanib qoldim, balki, to‘qlik farovonlikka halaqit berar. Balki, katta yerlarga yega bo‘lish, katta yutuqlar degani emasdir”.

Foto: Bloomberg

U fikrlarini davom ettirib, o‘quvchi e'tiborini “Osiyo yo‘lbarslari” bo‘lmish mamlakatlarning aksariyati, xususan Singapur, Koreya, Yaponiyaning hech qanday tabiiy boyliklari bo‘lmaganiga qaratadi.

“Ha, ha, hech qanday: na gaz, na neft, na paxta va na oltin. Ular bizga o‘xshab falon narsamiz bor, deb o‘ziga mahliyo bo‘lib, bir sidra to‘yib o‘tirmaydi. Yoki, davlat qilishi kerak, deb kimningdir qo‘liga ham qarab qolmagan”, - deya e'tirof etadi

U Xitoydagi sayohatidan olgan taassuroti bilan o‘rtoqlashar ekan, mamlakat qishloq xo‘jaligi o‘ta rivojlanganini ta'kidlaydi.

“Har bir qarich yer chopilgan, qaralgan, sug‘orilgan. Ko‘plab issiqxonalar mavjud. Ular o‘tin va ko‘mirda yoqiladi. Yo‘l chetidagi barcha uylar tomida quyosh panellari o‘rnatilgan. Xitoyda 1,5 milliard odam borligini sezmaysiz ham. Chunki, hamma narsada tartib, intizom ustun”, - deydi jurnalist.

Qudratxo‘jayev hikoyasiga Koreyada olgan taassurotlari va o‘rganishlarini ulaydi.

Foto: Koogle

“Odatda kun tartibi uyda barvaqt boshlanadi. Ko‘pchilik yo‘l-yo‘lakay nonushta qilib, qahva ichib ketadi. Aksar joylarda ish soat 8 da boshlanadi. Tush vaqtida tushlik, kofe ichish va ozgina dam olish vaqti bo‘ladi. Bu payt biror koreysga telefon qilsangiz, yoki bezovta qilsangiz, rosti, siz dushmanga aylanasiz. Tushlikdan keyin soat 6 gacha astoydil ishlash vaqti, inglizcha aytganda - hard working time”, -deya hayratini yashirmaydi Qudratxo‘jayev. U koreyslarning juda tirishqoq xalq ekanini aytar ekan, bu nimada namoyon bo‘lishi xususida xulosalarini bildiradi.

“Barcha narsa hisob-kitob bilan qilinadi, hech narsa shunchaki qilinmaydi. Ofisda har bir odam o‘z funksional vazifalariga ega. Hech kim bir-birining ishini qilmaydi. Raqobat kuchli. Davlat xizmatchilariga esa juda og‘ir. Chunki ular bu lavozimlarga tanish-bilishchilik, pul yordamida emas, balki 3 bosqichli testni topshirib, tayinlanadi. Xizmat pilla poyasidan ko‘tarilish ham xuddi shunday. Ularning o‘rtacha maoshi 3 - 4 ming dollar atrofida. Narxlar ham shunga yarasha qimmat”, - deya davom etadi jurnalist. U “mo‘jizaning bosh omili ong va tafakkurning yuksalishidadir”, degan fikrni ilgari suradi.

“Masalan, siz loysuvoq uyda tug‘ildingiz. Bolaligingiz, o‘spirinligingiz ham shu maskanda o‘tdi. Bu sizning aybingiz emas. Lekin, aynan shu uy devorlarini pishiq g‘isht qilib ko‘tarish, imoratingizning asosini granit bilan bezatish, ota-onangizga qulay, zamonaviy tahoratxona qilish sizning qo‘lingizdadir. Chunki, Qudratxo‘jayev aytmoqchi, loysuvoq uyda o‘lsangiz bu aynan sizning aybingiz bo‘ladi”.

Foto: SBS

Shu o‘rinda u inson tafakkuri haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uning naqadar mittiligi yoki bepoyonligi har kimning o‘ziga bog‘liq ekanini ta'kidlaydi. Uning fikricha, tafakkurimiz yaxshi g‘oyalar, yaxshi insonlar, yaxshi tashubbuslar uchun qanchalik ochiq bo‘lsa, tafakkur imperiyamiz shunchalik bepoyon bo‘ladi.

“Yangilik kishini o‘ylantirsa-da, undan qo‘rqmaslik kerak. Xitoyda yurgan vaqtimda, Toshkentda benzin narxi oshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab pessimistik gaplarni o‘qidim: “Shu eski yo‘llardan yuraverardik, bizga yangi qurilishlar kerak emas. Benzin narxi oshmasa bo‘lgani”, – deganlar ham bo‘ldi.

“Bozorlarimizda kartoshka narxi shuncha, guruch narxi bunchaga oshdi”, - deyishdi. Dunyoqarashimizni ozgina o‘zgartiradigan vaqt keldi, deb o‘ylayman. Nazarimda, biz arzon kartoshka, arzon go‘sht, arzon benzinni o‘ylab, o‘zimiz ham arzon odam bo‘lib qolayotgandekmiz. Bizni kichkina maosh ham qoniqtiryapti. Go‘yoki, arzonchilik bo‘lsa bas. Vaholanki, valyuta liberalizatsiyasini xohladikmi, buning og‘riqli narxini ham to‘lashimiz kerak. Bu tanadagi isitmaga o‘xshaydi. Bir chiqib immunitetni sinab, qaytib ketadi. Faqat, bu bosqichdan, og‘riqli o‘tish davridan chiqib olishimiz kerak. O‘zi bu mushkul muolajani 25 yil cho‘zib keldik, MDHda oxiri biz qolgandik”, - deya ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan qarashlarga ham o‘zining jo‘yali va asosli fikrlari bilan javob qaytaradi Qudratxo‘jayev.

“Bizning boshqa falsafaga o‘tadigan vaqtimiz keldi: ko‘p pul topish, ko‘p sarflash, katta natijalarga erishish falsafasi. Masalan, Koreyada yashash darajasi, benzin, elektroenergiya, oziq-ovqat juda qimmat, restoran, kafelar narxlari juda baland. Lekin shunga qaramasdan, ular ko‘proq daromad topishga tinmay intilishadi”, - deydi kuyunchaklik bilan muallif. Shu o‘rinda u Koreyada ko‘rganlarini O‘zbekistondagi odamlar dunyoqarashi bilan solishtiradi.

Foto: CNN

“Yana bir gap mavridi kelganida, (Koreyada) mehnat qilib topilgan pul sayohat, ichki va tashqi turizm, bilim olish, o‘ziga, nomoddiy intellektiga sarmoya qilishga sarflanadi. Biz esa shuncha ter to‘kib, topgan pulimizni keraksiz moddiy sarpo bisot, to‘y ma'raka va kibrimizni oziqlantirishga xarjlaymiz. Qadriyatlarni ham reviziya qilish vaqti keldi, nihoyat.., shaxsiyatni komillikka yetaklash yo‘lida ham moddiy xarajat miqdorini oshirish lozim. Vaholanki, qanchalik achchiq bo‘lmasin, Toshkentdan nari chiqmagan qancha odamlar bor, hamon, bugungi 21 asrda.. aksincha poytaxtni ko‘rmaganlar qancha??!”, - deya haqiqiy ahvol qanday ekaniga diqqatni qaratadi va vaziyatni o‘nglashga chorlaydi.

Muallifning ma'lum qilishicha, bugungi kunda Xitoyda mashina sotib olish u qadar muammo bo‘lmasa-da, odamlar 1-1,5 yillab davlat raqamini olishga navbatda turadi. Qolaversa, avtomobil davlat raqami uchun 20-30 ming dollar to‘lashadi.

Top