23:20 / 05.12.2017
28759

Oltin g‘alaba! O‘zbekistonlik ixtirochi xalqaro ko‘rgazmaning sovrindori bo‘ldi

Jamshiddin Xojimuhamedov onasi Mahmuda opa bilan

Avvalgi xabarlarimizda, 2017 yil 14 noyabr kuni Janubiy Koreyaning Adliya Vazirligi va Koreya ixtirolarni rivojlantirish assotsiatsiyasi (KIPA) tomonidan OASIS dasturi doirasida o‘tkazilgan “Koreyadagi chet elliklarning ixtiro va biznes startaplari” tanlovining final bosqichida o‘zbekistonlik Xojimuhamedov Jamshiddin o‘zining ixtirosi bilan 2-o‘rinni olgani haqida ma'lum qilgan edik. Qahramonimiz hech qancha vaqt o‘tmay, Koreyadagi yana bir nufuzli ko‘rgazmada birinchilikni qo‘lga kiritdi.

2017 yilning 30 noyabr – 3 dekabr kunlari Janubiy Koreyada an'anaviy Seul xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘rgazma o‘z ko‘lami, mavqei bilan AQSh, Shveytsariya va Germaniyada o‘tkaziladigan nufuzli ixtirolar festivali qatoriga kiradi.

Joriy yilgi Seul xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasida Jamshiddin Xojimuhamedov o‘z startap loyihasi uchun oltin medal bilan taqdirlandi. Bu haqida Jamshiddin Kun.uz muxbiriga xabar berdi.

Bu yili 12-marotaba tashkil etilayotgan Seul xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasida 600dan ortiq ixtirolar taqdimotga qo‘yilgan. Ulardan 170ga yaqini koreyalik mahalliy ishtirokchilar va 468 ta loyiha esa dunyoning 30 mamlakatidan tashrif buyurgan ixtirochilarning ishidir. Ular orasida aynan bizning yurtdoshimiz – Jamshiddin Xojimuhamedovning taqdim etgan loyihasi oltin medalga loyiq deb topilgani barchamizga ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

"Janubiy Koreya 2010 yildan boshlab bir necha yillar davomida BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksi bo‘yicha eng yetakchi o‘rinlarni egallab keladi. O‘zbekistonda ham elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha aynan Janubiy Koreya bilan ish olib borilayotgani bejiz emas. 

Mening bu yilgi loyiham aynan Koreyada ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda onlayn savdo orqali kuniga xarid qilinuvchi millionlab mahsulotlarni yanada tezroq yetkazib berishga qaratilgan. Koreyadagi yetkazib berish xizmatlarining bo‘linmalari va haydovchilari bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, ular mahsulotlarni o‘z manziliga yetkazib berishda har kunlik yo‘nalishlarni o‘zlari mustaqil tanlar ekan. Ular bir marta borgan yerga kun davomida yana qayta-qayta borishiga to‘g‘ri kelishi mumkin ekan. Yangi ishchilar uchun bu holatga ko‘nikish yanada qiyinroq kechadi. Shuningdek, har kuni ortiqcha vaqt va yoqilg‘i sarflanadi.

Men o‘zimning loyiham bilan mana shu jarayonni avtomatlashtirishni taklif qildim. Yana ham sodda qilib aytganda, hozirgi kunda ko‘pchilikka ma'lum bo‘lgan navigator qurilmasining yana ham takomillashtirilgan varianti, desak to‘g‘ri bo‘ladi.  Ammo uning eng asosiy va katta farqi shundaki, u orqali bir vaqtning o‘zida yuzlab manzillarni avtomatik tarzda kiritib, eng optimal yo‘nalishni maxsus algoritm asosida bittada olish mumkin. Haydovchi esa mana shu oson yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, mahsulotlarni o‘z egasiga yanada osonroq yetkazib berish imkoniga ega bo‘ladi”, deya qayd etadi qahramonimiz o‘z ixtirosi haqida.

Jamshiddin yaratgan ixtiro va yana boshqa ko‘plab loyihalar haqida batafsil tez orada Kun.uz uchun maxsus tayyorlangan reportaj orqali tanishamiz.

Seul xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasini tashkil etishdan asosiy maqsad – dunyoning turli mamlakatlaridan qatnashuvchi yosh ixtirochilarning o‘z loyihasini ochiq bozorga olib chiqishi, yangi texnologiyalardan foydalanishi, munosib hamkorlar va sarmoyachilarni topishi, shuningdek, ko‘rgazmada  o‘z ishini jahonga namoyon qilishi uchun imkon berishdir.

Eslatib o‘tamiz, "Seul xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasi" 2017 yilda WIPO (Jahon intellektual mulk tashkiloti) hamda IFIA (Xalqaro ixtirochilar uyushmalari federatsiyasi) ko‘magi ostida tashkil etildi.

Feruza Avazova, Kun.uz muxbiri

Top