19:30 / 07.12.2017
14892

YeI dunyoning 17 davlatini soliq bo‘yicha “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Yevropa Ittifoqi jahonning 17 mamlakatini haddan ortiq soliq imtiyozlari berishda ayblab, soliq bo‘yicha “qora ro‘yxati”ga kiritdi. 

YeI ro‘yxatida Janubiy Koreya, Barbados, Sent Lusiya, Bahrayn, Panama va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning nomi mavjud. Ular “soliq masalalarida hamkorlik qilmaydigan mamlakatlar” deb ataluvchi ro‘yxatga kiritilgan. 

YeIga ko‘ra, mazkur mamlakatlar “tashqi siyosat, iqtisodiy munosabatlar va hamkorlikni rivojlantirish”ga doir jazo choralari bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. 

Ushbu davlatlar soliq imtiyozlarini taqdim etishda ayblanmoqda. Bu ularning noxolis soliq amaliyotlarini o‘tkazishini yoki YeI bilan muhim moliyaviy ma'lumotlarni almashmasligini bildiradi. 

Karib havzasi mamlakatlarining ayrimlari, jumladan Britaniya Virjin orollari mintaqada hukm surgan dovullar sababli bu ro‘yxatga vaqtincha kiritilmagan. Biroq keyinchalik yangilangan ro‘yxatga kiritilish ehtimoli ham yo‘q emas. 

YeI soliq bo‘yicha “qora ro‘yxati”ni kamida yiliga bir marta yangilab turishini bildirmoqda. Bu yilgi ro‘yxatga esa quyidagi davlatlar kiritildi:

Amerika Samoasi, Bahrayn, Barbados, Grenada, Guam, Janubiy Koreya, Makao, Marshall orollari, Mo‘g‘uliston, Namibiya, Palau, Panama, Sent Lusiya, Samoa, Trinidad va Tobago, Tunis, BAA. 

Boshqa ba'zi davlatlar shaffoflikni oshirish, soliq qonunchiligini o‘zgartirish va islohotlar o‘tkazish orqali ijobiy natijalarga erisha boshlagani tufayli bu ro‘yxatdan chetda qolgan. 

Mavzuga oid
Top