16:40 / 07.12.2017
34478

Ko‘proq ishga ulgurishda yordam beruvchi 4 qoida

Biz vaqt doim kamlik qiladigan holatda yashayapmiz. Bir vaqtning o‘zida bir necha vazifa ustida ishlashimizga to‘g‘ri kelmoqda. Har kuni juda ko‘p ma'lumotga ega bo‘lamiz, elektron pochta, messenjerlar orqali keluvchi xabarlar va qo‘ng‘iroqlar esa diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi. Orada ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirib chiqishimiz kerak: do‘stlarimiz hayotidagi va umuman dunyodagi yangiliklarni o‘tkazib yubormadikmi? Muhim ishlar uchun vaqt va kuch-quvvatni qanday asrash kerak? Forbes jurnalisti Sergey Pigarevning fikricha, eng avvalo, energiya zaxirasi va motivatsiyani pasaytiruvchi vaqt "o‘g‘rilari"dan xalos bo‘lish kerak.

1. Tartibsizlikni bartaraf eting

Biz ish stolimiz yoki elektron pochtamizdagi tartibsizlik  oqibatlarini yetarlicha baholay olmaslikka moyilmiz. Ish stolini tartibga keltirish taxminan bir soat vaqt oladi, xaosda muayyan bir faylni izlash esa - "atigi" ikki daqiqa. Bu daqiqalarni haftasiga olti kun va kuniga bir necha marotaba yo‘qotishimiz haqida esa o‘ylamaymiz ham. Aslida kompyuter ish stoli va pochtani tartibga keltirishga vaqtinchalik vaqt sarfi bir necha haftada qoplanadi. Yodingizda bo‘lsin, endi siz o‘zingizga kerakli faylni qidirib asabiylashmaysiz va motivatsiyani yo‘qotmaysiz.

Foto: Getty Images

Shunday qilingki, kompyuter qarshisida ishlayotganingizda sizni hech nima chalg‘itmasin. Buning uchun barcha predmetlarni (stikerlar, ruchka, qalamlar, kundalik va b.) stol chekkasiga joylash kerak. Siz va monitor o‘rtasida, shuningdek ushbu ko‘rinmas trayektoriyadan 10-15 santimetr masofada klaviatura va sichqonchadan boshqa hech narsa bo‘lishi kerak emas. Ko‘z oldimizdagi predmetlar bizni chalg‘itadi, diqqatimizni bo‘ladi. Siz muayyan bir vazifa ustida ishlayapsiz va kutilmaganda ko‘zingiz 2-raqamli vazifa muhrlangan stikerga tushadi. Siz uni o‘qib, mulohaza qilguningizga qadar bir necha daqiqa yo‘qotasiz.

2. Ko‘proq "qurbaqa yeng"

Biz doim orqaga suradigan mayda yoqimsiz vazifalar bor. Bu qo‘l ostimizdagi xodimlar bilan yoqimsiz suhbat, maoshni oshirish haqida so‘rash yoki telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi mumkin. Bunday vazifalar "qurbaqalar" deb ataladi. Biz har kuni "Bugun aniq shu ishni qilaman" deymizu, biroq yana va yana uni orqaga suramiz. Bu esa bizning energiya va vaqtimizni oladi: biz muhim ishlardan chalg‘ib, xayolan ularga qaytamiz. Kecha yoki o‘tgan kuni shu vazifani bajarmaganimiz uchun o‘zimizni ayblaymiz va o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotamiz. Bundan tashqari, bajarilishiga bir necha daqiqa ketishi mumkin bo‘lgan ishlar vaqt o‘tgan sari jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Kuniga bir mahal, bittadan shunday vazifani hal qilishga odatlaning. O‘zingiz uchun qulay sharoitlar yarating: choy quying, shokolad bo‘lagini olib, ishga kirishing. Yoqimsiz vazifalardan ertalab xalos bo‘lsangiz, bu pozitiv yondashuvni yuzaga keltiradi va sizga kuch-quvvat baxsh etadi. O‘zingizni yengib o‘ta olganingizdan faxr tuyg‘usini his qilasiz. Ro‘yxat tuzing va ishga kirishing.

3. Fokusni saqlang

Bizning miyamiz shunday tuzilganki, biror ishga bor kuch bilan kirishish uchun avval shunga sozlanish kerak. Ilk 5-10 daqiqada biz yarim kuchimizni ishlatamiz, keyin esa samaradorlik o‘sib boradi. Sizni chalg‘itishsa, sozlash jarayonini boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, katta vazifalarni uzoq vaqt bo‘laklariga ajratib  bajarish kerak. Men ustuvor vazifalar ustida ishlash uchun "50-10-50" usulini qo‘llayman: 50 daqiqa bir vazifani bajarasiz, chalg‘imaysiz, keyin 10 daqiqaga faoliyat turingizni o‘zgartirasiz. Eng yaxshisi, ofisdan tashqariga chiqib, sayr qilgan yoki yengil badantarbiya bilan shug‘ullangan ma'qul. Keyin esa yana 50 daqiqa vazifani ado etishga ajratiladi.

Foto: Sony Pictures

Bunday ketma-ketliklarni kuniga ko‘pi bilan ikki marta amalga oshiring: ular ruhiy va jismoniy kuch-quvvat talab qiladi. "50-10-50" sikliga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rish kerak. Telefonni tovushsiz rejimga qo‘ying, ish pochtangizni yoping, hamkasblaringiz bilan shoshilinch ishlarni muhokama qilib oling va ishga kirishing. Vaqtni nazorat qilish uchun onlayn-taymerdan foydalaning. Siz o‘zingizni to‘liq ishga bag‘ishlashingiz kerak, u tugagach esa - taymer jarang sochadi. Dastlab o‘zingizni biroz noqulay his qilishingiz mumkin: telefon yoki pochtani tekshirgingiz kelib qoladi. "50-10-50" usuli odatga aylangunga qadar siz 50 daqiqa o‘tib bo‘lmaganini unutib, chalg‘ishingiz mumkin.

4. "Eshkaklar"dan xalos bo‘ling

Biroz kuch sarflab va o‘z irodamizni namoyon etib, bu shum "o‘g‘ri"dan butun umrga xalos bo‘lishimiz va ancha vaqt hamda asabimizni asrashimiz mumkin. Gap siz har doim bosib o‘tadigan "eshkaklar"ni yo‘ldan olib tashlashda. Shunday qilib, mijozlarning materiallarini ijtimoiy tarmoqlar va saytda joylash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarimdan biri unga sifatsiz suratlarni jo‘natishlaridan shikoyat qildi. Mijozlar suratlarni qayta ishlashlariga to‘g‘ri kelardi, materialni joylash bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelardi. Agar biz muammo sababini bartaraf etishga qaror qilmaganimizda bu "eshkaklar" uning yo‘lida yotavergan bo‘lardi. Biz misollar bilan "mijoz fotoyordamchisi"ni tuzdik - qanday bo‘lmasligi kerak, yonida esa qanday bo‘lishi zarurligiga oid namunaviy surat - qarabsizki, muammo yo‘qoldi.

"Eshkaklar" bilan kurashda yanada chuqurlashamiz. Loyihalarni boshqarishda qo‘llaniluvchi, nafaqat ularni yo‘q qilish imkonini beruvchi, balki muammoli vaziyatlar va biznesdagi muvaffaqiyatdan foyda oluvchi ajoyib jihoz bor. U Issue BackLog deb ataladi: ikki qism - muvaffaqiyatlar va muammolardan iborat excel hujjati. Har bir qism, o‘z navbatida, bir necha bo‘limdan iborat: muvaffaqiyat/muammolarning batafsil ta'rifi, muvaffaqiyatga erishish/muammoni keltirib chiqarishga sabab bo‘lgan omillar va olingan tajribadan kelgusidan qanday foydalanish. Issue BackLog'dan foydalanish vaqt o‘tgan sari "eshkaklar" sonining kamayishiga va sizning ishingiz, servis, tovarlar va xizmatlaringiz sifatini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.

Foto: Getty Images

Men so‘z yuritgan usullar samaradorlikni bir necha barobarga oshirish hamda oila, do‘stlar va xobbiga vaqt ajratish imkonini beradi. Biroq birdaniga barchasiga yoppasiga kirishmang. O‘zingiz uchun eng osonidan boshlang va jihozdan foydalanish odat tusiga kirgandan keyingina navbatdagi elementni qo‘shing. Bundan keyin vaqtingizni o‘g‘irlashlariga yo‘l qo‘ymang, zero bu resursni to‘ldirib bo‘lmaydi.

Top