21:50 / 07.12.2017
21471

Samarqandda oilaviy poliklinika binosi foydalanishga topshirildi - foto

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi arafasida Samarqand shahridagi 2- son oilaviy poliklinikaning 480 tashrifga mo‘ljallangan binosi 5,5 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga Investitsiya dasturi doirasida rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Poliklinikaning ochilish marosimida viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga qilayotgan e'tibor, tarmoqdagi islohotlar va yangi oilaviy poliklinikalar tashkil qilish va unga tor soha mutaxassislari tarkibini muvofiqlashtirish xususida gapirib o‘tdi.

Samarqand shahrining 37 ta mahallasida istiqomat qilayotgan 80 mingga yaqin aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida mazkur poliklinikada terapevt, pediatr, xirurg, akusher-ginekolog, stomatolog, endokrinolog, LOR va UTT vrachi kabi tor soha shifokorlari tomonidan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishi bilan bir qatorda 20 o‘rinli kunduzgi statsionar, ijtimoiy dorixona, fitobar va fuqarolar elektron tibbiy karta bazasi hamda elektron navbat tizimi  yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, zamonaviy stomotologik kreslo, bioximik analizator bilan jihozlandi.

Alohida ta'kidlash joizki, Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 9–10 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida shahar aholisi salomatligini yanada yaxshilash maqsadida bergan topshiriqlariga binoan hozirda ushbu tibbiyot muassasasini 450 ming AQSh dollari miqdorida zamonaviy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, belgilangan dasturlarga asosan 2018 yilda So‘lim qo‘rg‘onida joylashgan 10-son oilaviy poliklinikaning filialida 100 tashrifga mo‘ljallangan yangi bino qurilishi amalga oshiriladi. Shahardagi Farhod qo‘rg‘onida joylashgan 6-son oilaviy poliklinikasi filiali hamda Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi 10-son oilaviy poliklinikalarning yangi binosi 2019 yilning Investitsiya dasturiga kiritildi.

Ochilish marosimidan so‘ngida tibbiyot sohasida xizmat qilgan faxriylar bayram dasturxoniga taklif etildi.

Shuhrat Shokirjonov.

Kun.uz muxbiri

Sh.Shokirjonov va B.Mustanov olgan suratlar

Top