17:45 / 07.12.2017
39199

Shavkat Mirziyoyev: «Biz hammamiz xalqning xizmatkorimiz»

Foto: President.uz/Arxiv

Joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidladi.

Joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilganini, holbuki, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida o‘ta kam uchraydigan hodisa bo‘lganini qayd etildi, deb yozadi «Xalq so‘zi» gazetasi.

«Tergovning sifati yaxshilanib, tergovchilar mas'uliyati oshirildi. Xususan, shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati o‘tgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgani, 1 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yo‘qligi isbotlandi. Ana shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi», deya ta'kidladi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shuningdek, amnistiya qo‘llashda ham adolat bo‘lishi kerakligini, ozod qilinganlar yana qayta jinoyat qilmasligi kerakligini ta'kidlar ekan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlar afv etilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Ular o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab jamiyatda o‘z o‘rnini topdi. Yaqin qarindoshlar sudlanganlarni ishga olmaslik eng katta adolatsizlik. Bir odamning aybi deb butun avlod jabr ko‘rmasligi kerak. Bu kabi adolatsiz tizimdan voz kechadigan vaqt keldi». deb fikr bildirgan Prezident.

Umuman, bu boradagi ishlar xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilayotganining amaldagi ifodasidir. Shu ma'noda, Prezidentning ushbu majlisda: «Biz hammamiz xalqning xizmatkorimiz» deyishlari bugungi hayotiy islohotlarga hamohangdir.

Top