17:25 / 07.12.2017
10959

«Toshkent-Aero»da ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi doirasida shuningdek “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” munosabati bilan Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Toshkent  aviatsiya  transport  prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu tadbirda mazkur kompleks shaxsiy tarkibi, xodimlarning ota-onalari, havo yo‘llari orqali tovarlarning eksporti va importini amalga oshirib kelayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Foto: Toshkent-Aero

Ma'lumki, har yili dunyo bo‘ylab, 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni keng nishonlanadi. 2003 yilning ayni shu sanasida Meksikaning Merida shahrida dunyoning 100 dan ortiq davlatlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Siyosiy konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasi imzolangan edi. O‘shanda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 9 dekabr Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni deb e'lon qilindi. Bugunga kelib, 172 davlat mazkur Konventsiyaga a'zo hisoblanadi. 

2008 yil 7 iyulda O‘zbekiston Respublikasining «BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinishi ortidan davlatimiz ushbu g‘ayriijtimoiy illatning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, “Toshkent-Aero” IBK boshlig‘i o‘rinbosari I.Omarov korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va chek qo‘yish, bunga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida respublikamizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Foto: Toshkent-Aero

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752 qarori muhim rol o‘ynamoqda. Chunki, ayni shu qaror asosida 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu hujjat "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarining samarali ijrosini ta'minlash, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari bo‘ylab qamrab olish imkonini bermoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi katta tezkor vakili Asror Sayotov so‘zga chiqib, ichki ishlar organlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabab va sharoitlari, ularning barvaqt profilaktikasi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarida ko‘riladigan choralar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Ochiq eshiklar kunida Toshkent  aviatsiya  transport  prokurori o‘rinbosari Sherzod Mamajonov ham ishtirok qildi va 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi mas'ul kotibi, yurist Nasiba Mamaraimova esa korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat-notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining roli haqida ma'ruza qildi.

Foto: Toshkent-Aero

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunidagi e'tiborli jihatlardan yana biri, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ishtirok etishi mexanizmlari belgilanganidir. Zero, bu institutlar jamiyatda jamoat nazorati qaror topishida, adolat muvozanati ta'minlanishida o‘ziga xos o‘rin tutib kelmoqda. Ularning jamiyat rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi korrupsiya illatiga qarshi kurashishda ishtirok etishi shu yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligi oshishiga xizmat qiladi. 

Davra suhbatida bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham atroflicha tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida qonunbuzarlikning sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash hamda bojxona organlari saflarini nopok xodimlardan tozalash borasida aniq yo‘nalishga ega bo‘lgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-ahloq namunaviy qoidalari to‘g‘risida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori ijrosi doirasida bojxona organlarida tarbiyaviy profilaktik ishlarni kuchaytirish, shaxsiy tarkibni munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta'minlash, burchga sadoqatini mustahkamlash, tizimga dog‘ tushiruvchi turli salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida davlat bojxona xizmati organlarining odob-ahloq qoidalari va ularni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma tasdiqlandi.

“Toshkent-Aero” IBK tomonidan 2017 yilning o‘tgan davri mobaynida 90 dan ortiq profiklatik ma'ruzalar, uchrashuvlar, individual tartibda profilaktik tarbiyaviy ishlar va suhbatlar o‘tkazilgan. Bunga bojxona xodimlarining ota-onalari va oila a'zolarini ham jalb qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, xodimlarning xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni qay darajada ado etayotganligi, hushyorligi va ogohligini sinovdan o‘tkazish maqsadida 62 marotaba xufiyona tekshiruvlar o‘tkazilgan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan pora berish va pora olishning huquqiy oqibatlari haqida ko‘rgazmalari plakatlar va stol ustiga qo‘yishga mo‘ljallangan bukletlar ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha bojxona boshqarmalari, komplekslari va postlariga tarqatilgan. 

“Toshkent-Aero” IBK da uzluksiz faoliyati yurituvchi “Ishonch telefoni” (tel: 120-86-30) joriy qilingan bo‘lib, u orqali fuqarolar bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan xabar berishlari mumkin.

Bundan tashqari “Toshkent-Aero” IBKning barcha tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara-bojxona postlaridagi mavjud monitorlar orqali yo‘lovchilar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun doimiy ravishda korrupsiyaning mudhish oqibatlaridan ogohlantiruvchi ijtimoiy videoroliklar namoyishi yo‘lga qo‘yilgan. Davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Top