20:13 / 09.12.2017
7350

Yilning eng yaxshi avtosportchilari taqdirlandilar

Foto: Twitter

Parijda Xalqaro avtosport federatsiyasi gala-marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda yilning eng yaxshi avtosportchilari taqdirlandilar.

Marosimda “Formula-1”ning joriy mavsumi chempioni, britaniyalik Lyuis Hemiltonga chempion kubogi topshirildi. Sportchi bu yuksak nomga 4-marta erishdi. 

“Bu ajoyib yil bo‘ldi. Umid qilamanki, keyingi yil undan ham yaxshiroq bo‘ladi. Men buning uchun nima qilishni bilaman”, deb aytgan Lyuis mukofotni olgach.

2017 yilgi mavsumda Hemilton poyganing 20 ta bosqichidan 9 tasini yuta olgan.

Poyganing yana bir vakili Maks Ferstappen uchinchi yil qatorisiga yil shaxsi deb tan olindi. U joriy mavsumda Malayziya va Meksikada g‘olib bo‘ldi hamda yakuniy natijalarga ko‘ra 6-o‘rinni egalladi.

“Zauber” jamoasining yangi a'zosiga aylangan Sharl Lekler “Eng yaxshi yangi poygachi” sovrini bilan taqdirlandi. Lekler joriy mavsumda “Formula-2” poygasida ilk bor ishtirok etib, chempionlik unvonini qo‘lga kirita oldi. Lekler keyingi mavsumdan “Formula-1”da ishtirok etadi.

Britaniyalik poygachi Billi Monger marosimning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. “Formula-4” poygasi ishtirokchisi bo‘lgan Monger 2017 yil aprelda Donningtondagi poygada jiddiy avariyaga uchrab, ikkala oyog‘idan mahrum bo‘lgan. Monger avtosportga yana qaytish istagida va hozirda tiklanish jarayonidan o‘tmoqda. Monger mukofot uchun sahnaga o‘zi mustaqil chiqib, marosim o‘tgan Versal saroyida yig‘ilganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro avtosport federatsiyasi 2018 yilgi “Formula-1” taqvimini tasdiqladi. Unga ko‘ra 69-jahon chempionati 25 mart kuni Avstraliyada boshlanib, 25 noyabrda Abu-Dabida yakunlanadi.

Mavzuga oid
Top