8441.36 USD -14.01

9493.15 EUR -61.42

131.78 RUB +0.25

10963.6 GBP -96.83

15:42 / 11.12.2017 39525

Bir ona noumid bo‘lmasin, bir bola hayotdan bahra olsin. Musofirchilikda yurgan ona-bolaga yordam beraylik

Har bir farzand ota-ona uchun qadrli va bu dunyodagi borlig‘idir. Bu - millat, din va e'tiqod tanlamas ulkan tuyg‘udir. Hatto Alloh tomonidan yaratilgan barcha mavjudotda ana shunday xislat bor-ki, bu dunyoni tebrantirib turgan kuch hisoblanadi.

Tahririyatimizga bir ayol murojaat qildi. Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida istiqomat qiluvchi Saitova Zulayho Ravshanovnaning 2008 yil 15 iyul kuni tug‘ilgan o‘g‘li Jo‘rayev Ulug‘bek jiddiy dard bilan olishmoqda. Gap shundaki, joriy yilning iyun oyida Ulug‘bekning tobi qochib qoladi. Isitmasi ko‘tariladi, oyoq-qo‘llarida og‘riq kuchayib, limfa bezlari kattalashib ketadi. Buning natijasida holsizlik bola bechorani yotqizib qo‘yadi. 

“Shundan so‘ng o‘g‘limni olib Qarshi shahrida joylashgan Gematologiya markaziga olib bordim”, deb hikoya qiladi ona. “U yerda bir qancha analizlar topshirdik. Limfalari kattalashgan, shu sabab tomog‘i og‘ribdi, deb antibiotik dori-darmonlar yozib berishdi. Davolatdik, lekin foydasi bilinmadi. Ahvoli yanada og‘irlashib, ranglari oqarib ketdi”.

Shundan so‘ng ona va bola poytaxtga kelishadi. Ularga gematolog konsultatsiyasi kerak deyishadi. Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga kelinadi va u yerda analiz topshiriladi. Bolaga “O‘tkir limfoblastli leykoz” tashxisi qo‘yiladi.

“Blast hujayralar 96 foiz ekan. Bizni onkogematologiyaning 1-bolalar bo‘limiga o‘tkazishdi. Bolamning qoni tarkibida trombotsitlari yo‘q bo‘lgani uchun badanida ko‘karishlari bor edi. Rossiyaga analiz yuborildi, u yerdan ham xuddi shunday javob keldi. 2 marta tromba oldi, 2 marta qon va plazma qo‘yildi. U yerda 6 marta lyumbali (orqa miyaga, ya'ni umurtqasiga) kimyoterapiya qilindi. Kuchli antibiotiklar yuborildi. 

Kelgan vaqtimizda ahvoli judayam og‘irligi uchun 45 kunlik chaqalog‘imni onamga qoldirib shifoxonaga yotdim. Shifokorlarning sa'i-harakati bilan o‘g‘limning ahvoli yaxshi tomonga o‘zgardi. O‘zining organizmi qon ishlab chiqara boshladi”, deydi ona. 

Zulayho opa bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning 28 sentabr kuni Ulug‘bekni kunduzgi bo‘limga o‘tkazishgan. Shifokorlarning aytishiga ko‘ra, bola kunduzgi bo‘limda konsolidatsiyani davom ettirish kerak ekan. Konsolidatsiya jarayoni 3 kurs bo‘lib, 1 yarim yillik qo‘llab-quvvatlovi bor ekan. Davolanish muddati 2 yilni tashkil qilar ekan.

Zulayho opa o‘z farzandi, bu dunyodagi boyligi – aziz farzandi uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda, bir ona o‘z jigarbandi uchun nima qilishi lozim bo‘lsa, so‘zsiz ado etmoqda. Ammo u shu kunlarda moddiy tomondan juda qiynalib qolgan. Ayolning aytishicha, Ulug‘bekning yana ikkita seansi qolgan bo‘lib, ularning har biri 15 million so‘m turadi. Bundan tashqari, uning boshqa davolanish kurslari uchun yana mablag‘ talab etiladi. Ona saxovatli insonlar ko‘magiga muhtoj. Unga yordam qo‘lini cho‘zaylik. Bir ayolning farzandi sog‘lom holda bag‘riga qaytishiga ko‘makchi bo‘laylik.

Xayriya aksiyasida qatnashgan barcha Azizlardan Alloh rozi bo‘lsin. Ulug‘bekka ochilgan xayriya aksiyasi o‘z yakuniga yetdi.

Top