01:15 / 12.12.2017
61184

Davlatlar nomi qanday kelib chiqqan?

Foto: Fotolia

Davlat nomi uning aholisiga faxr tuyg‘usini singdiradi. Yetakchilar o‘z nutqlarida ulardan foydalanishadi. Biroq biz o‘z ismimizni o‘zimiz tanlay olmaganimiz kabi millatlar ham o‘z nomini meros qilib olgan.

Olimlarning tadqiqotlariga muvofiq, mamlakat nomlarining aksariyati to‘rt toifaga bo‘linadi:

  • geografik joylashuv;
  • mahalliy hududning o‘ziga xos xususiyatlari;
  • etnik guruh nomi;
  • tarixiy arbob nomi.

Bundan tashqari, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, mamlakatlar o‘z nomlarini deyarli hech qachon xalq orasida ovozga qo‘yish orqali olishmaydi. Shu bois ularning tuzilmasi kamdan-kam holatlarda odamlar istagan milliy sifatlar bilan belgilanadi. Masalan, erkinlik, kuch-qudrat yoki adolat.

Toponimika, geografik nomlarni o‘rganish

"Amerika" yoki "Papua-Yangi Gvineya" deganda aslida nima haqida gapirayotganimizni aniqlash uchun Quartz portali ajoyib toponimik ma'lumotnoma — Jon Everett-Xitning "Jahon geografik nomlari bo‘yicha Oksford qisqa lug‘ati"ga murojaat qildi. Davlatlarni siyosiy tuzilmalariga ko‘ra toifalab chiqish uchun tan olingan 195 mamlakatning barchasi haqida bittalab ma'lumot to‘plandi. Shu bilan birga, endonimlar + mamlakatlarning o‘zi o‘ziga beruvchi va umumqabul qilingan nomlardan farqlanuvchi nomlar ham alohida ko‘rib chiqildi. Masalan, Xitoy o‘rniga Chjungo, Finlyandiya o‘rniga Suomi va h.k. Agar mamlakat o‘z tarkibida mavjud joy sharafiga nomlangan bo‘lsa - masalan, Chad davlati - Chad ko‘li nomidan kelib chiqqan yoki Jazoir o‘z tarkibidagi shahar Jazoir nomidan kelib chiqqan — dastlabki nom etimologiyasini tadqiq qilish uchun imkon qadar harakat qilindi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, ism va nomlarning kelib chiqishida ko‘pincha chalkashliklar bo‘ladi, shuning uchun bu masalada mutlaq aniqlik bo‘lishi qiyin. Ba'zan eng qiziq va jalb qiluvchi tarixlar shunchaki to‘qima bo‘ladi. "Xalq etimologiyasidan (nomlarning kelib chiqishini ularning jarangi yoki orfografiyasi jihatidan o‘xshashligi bilan izohlashga bo‘lgan harakatlar) ogoh bo‘ling", - deb yozadi Jon Everett-Xit. — "Afsonalar ko‘pincha manfaatni, kamdan-kam holatlarda esa — qadr-qimmatni ko‘zlaydi".

Quartz portali dunyo mamlakatlari nomlari kelib chiqishini 4 toifaga ajratdi.

I. Qabilalar, qirolliklar, etnik guruhlar

Shubhasiz, dunyo mamlakatlarining zamonaviy nomlari (aniqrog‘i, uchdan biri) biror qadimiy insonlar guruhidan olingan. Bunga yaqqol misol sifatida Yevropani keltirish mumkin. Fransiya nomi franklar, Italiya nomi - vitallardan, Shveytsariya nomi - Shvits kantonidan kelib chiqqan. "Texan min­guk" — bu Janubiy Koreyaning koreyscha nomi. "Texan" - "Buyuk xon" degan ma'noni bildiradi va eramizdan avvalgi II asrgacha Koreya yarim orolida yashagan xonlarning uch qabilasidan kelib chiqqan. Vetnam vetlarning janubiy qabilasini bildiradi.

O‘tgan yuz yillikda dunyoning ba'zi mamlakatlari o‘z ildizlariga qaytishga harakat qildi: 1957 yilda Gold-Kost inglizlardan mustaqil bo‘lgan va XIII asrda parchalangan Ganu qadimiy imperiyasi nomiga qayta nomlangan.

Ba'zi mamlakatlar nomlari ularni boshqa odamlardan ajratib turuvchi belgilardan kelib chiqqan: 1984 yilda paydo bo‘lgan Burkina-Faso "rostgo‘y odamlar maskani" ma'nosini anglatadi. Ehtimol, Gvineya va uning "qarindoshlari" — Gvi­neya-Bi­sau, Pa­pua-Yangi Gvi­neya, Ek­va­to­ri­al Gvi­neya — tuareglarning aginaw ("qora odamlar") so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Olimlarning taxminlariga ko‘ra, Papua-Yangi Gvineya o‘z nomida Melaneziyada tug‘ilgan odamlarni tasvirlaydi. "Papua" - "jilvakor sochlar" ma'nosini bildiradi. "Gvineya" so‘zini esa ispaniyalik tadqiqotchi Inigo Ortis de Ritis taqdim etgan. U mahalliy aholini Afrika Gvineyasida yashovchi odamlarga o‘xshatgan.

Manba: Quartz

II. Hududning xususiyatlari

Dunyo mamlakatlari nomlarining chorak qismi o‘sha joyning hududiy belgilaridan kelib chiqqan.

Jazoir o‘z poytaxti - Jazoir shahri sharafiga nomlangan bo‘lib, u "sahrolar" degan ma'noni anglatadi. Cher­no­go­riya endonimi Crna Gora "qora tog‘" deya tarjima qilinib, mamlakat janubi-g‘arbidagi Lovchen tog‘iga ishora qiladi. Islandiya haqiqatda muzliklar bilan qoplangan (ice — «muz» va land — «yer»), biroq tarixiy jihatdan bu to‘g‘ri emas. Everett-Xit o‘z lug‘atida bunga aniqlik kiritadi:

"Mamlakat taxminan IX asrda ilk skandinaviyalik ko‘chmanchilar tomonidan Islandiya deb nomlangan. Orolda nisbatan o‘rtacha yillik harorat kuzatilishiga qaramay, ular shu tariqa ehtimoliy bosqinchilardan himoyalanishgan".

Kosta-Rikaga qaysi tadqiqotchi nom bergani noma'lum, lekin bu mahalliy aholining oltin tashiyotganini ko‘rib, uning import qilinganini bilmagan Xri­sto­for Ko­lumb ekanligiga doir taxmin bor. Ispaniyaliklar Gondurasga "chuqurlik" yoki "chuqur suvlar" so‘zlari ma'nosidan kelib chiqib nom berishgan. Barbados esa - uzun ildizli daraxtga ishora qilib, "soqollilar" yeri ma'nosini bildiradi.

Ser­ra-Leonega portugaliyaliklar tomonidan nom berilgan bo‘lib, "arslon tog‘lar" ma'nosiga ishora qiladi - haqiqiy sherlar emas, Fritaun tepaliklari uzra ko‘p kuzatiluvchi momaqaldiroqlar tufayli shunday nomlangan. Singapur "arslon shahri" ma'nosini anglatadi, arslon boshi u yerda - milliy ramz. Shunisi qiziqki, Singapurda arslonlar yo‘q. Afsonalarga ko‘ra, Sumatra shahzodasi Sang Nila Utama Singapurda ovga chiqib, qandaydir yirtqichga duch kelgan va uni sher (singa) deb o‘ylagan - orol nomi shu tariqa kelib chiqqan.

Manba: Quartz

III. Joylashuv

Taxminan 25 mamlakat o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra nomlangan. Xitoy (Zhōngguó) - "o‘rta qirollik", Yaponiya endonimi Nippon esa - "kunchiqar mamlakat" ma'nolarini beradi. Bu yerda mantiq shundaki, Yaponiya Xitoyning sharqida, xitoyliklarning nuqtai nazarida quyosh chiquvchi yo‘nalishda joylashgan. Nor­ve­giya — "shimoliy yo‘nalish".

Ti­mor-Le­ste "sharqiy sharq" ma'nosini bildiradi. Nom Timur so‘zidan kelib chiqqan, Timur — malaychasiga "sharq" degani. Everett-Xitga ko‘ra, Timor Yava va Sumatra sharqida joylashgan, leste — portugalchasiga "sharq". Av­stra­liya "janubiy" ma'nosini anglatadi, zero mamlakat janubiy yarim sharda joylashgan va qadimiy yunonlar uni Terra Australis Incognita - "Noma'lum janubiy yer" deb atashgan.

IV. Tarixiy shaxslar

Yana taxminan 25 mamlakat biror bir muhim tarixiy shaxs sharafiga nomlangan - deyarli barcha holatlarda erkaklar nomiga, biroq istisnolar bor. Tilshunos-bloger Pol Entoni Jonsga ko‘ra, Sent-Lyusiya III asrda yashagan ayol sharafiga nomlangan.

Ba'zi mamlakat nomlarining kelib chiqishi oson: Filippin — XVI asrda yashab o‘tgan Ispaniya qiroli Fi­lip­p II, Boliviya esa venesuelalik inqilobchi Simon Bolivar sharafiga nomlangan. Mav­ri­kiy XVI asrda yashagan niderlandiyalik amaldor Moris Nassau sharafiga qo‘yilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z nomini florentsiyalik sayyoh Amerigo Vespuchi ismidan kelib chiqib olgan. U 1400-yillar oxirida yevropaliklar tomonidan ochilgan qit'a Hindiston emasligini anglab yetgan. 1507 yilda kartograf Mar­tin Vald­ze­ye­myul­ler bu yerlarni - u vaqtlar Janubiy Amerikadan kelib chiqib, "ilk kashfiyotchi Amerigo sharafiga Amerika yeri yoki Amerika" deb nomlashni taklif qildi.

Kolumb, aftidan, biryo‘la sakkiz mamlakatda iz qoldirgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Sent-Kits (Kits- Kristofer/Xristofordan qisqartma), Nevis, Sent-Lyusiya, Sent-Vinsent va Grenadin (nasroniy avliyolari) nomlarining muallifligi unga tegishli hisoblanadi. Shu bilan birga, Kolumb An­ti­gua va Bar­bu­duni San­ta-Ma­riya-de-la-An­ti­gua va Tri­ni­dad cherkovi (Trinidad va Tobago tarkibida) — Muqaddas Uchlik sharafiga nomlagan.

O‘z navbatida, Kolumbiya Kolumb sharafiga nomlangan, biroq o‘zi tomonidan emas.

Foto: Fotolia

Chiroyli istisnolar

Nomlarining kelib chiqishi ko‘p bahslarga sabab bo‘luvchi taxminan 20 sirli mamlakat mavjud. Malta ham "boshpana", ham "asalarilar" ma'nosini bildirishi mumkin. Nepal uchun ko‘p variantlar taqdim etilgan, ularning birortasi ishonchli emas: "yangi davrning boshlanishi", "markaziy mamlakat", "muqaddas joy" va h.k. Suriya va Palau nomlari tarixi haqida esa deyarli hech narsa ma'lum emas.

Ba'zi mamlakatlar asosiy toifalarning hech biriga kirmaydi. Masalan, Sharqiy Afrika qirg‘oqlaridagi mitti Komor orollari arab tilidagi "al-qamar" so‘zidan olingan bo‘lib, "oy" ma'nosini bildirishi taxmin qilinadi. Meksika ham "oycha" ildizlarga ega: Metztlixihtlico ("Oy o‘rtasi") shahri nomini talaffuz qila olmagan ispanlar uni Meksika shakliga soddalashtirishgan.

Butanning ikkinchi nomi Druk-Yul, olimlarning taxminlariga ko‘ra, "dahshatli ajdar mamlakati" ma'nosini anglatadi, Liberiya esa — "erkin yerlar".

Eng ajoyib nom — Avstraliya shimoli-sharqida joylashgan Nauruda. U anáoero so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, "Men plyajga ketyapman" degan ma'noni bildiradi.

Top