15:10 / 12.12.2017
14990

Rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Foto: Westchester Magazine

Bu haqda Qonun hujjatlari ta'sirchanligini baholash tizimi portalida taqdim etilgan Prezidentning Rieltorlik xizmatlari sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni loyihasida aytib o‘tilgan. Hujjatni 2018 yil 1 martdan qabul qilish va amalga kiritish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Lisenziyalash hammaga ham majburiy bo‘lmaydi, litsenziyalovchi organ o‘zgaradi
 
Xususan, rieltorlik faoliyatini litsenziyalash funksiyasini Davlat raqobat qo‘mitasidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga o‘tkazish taklif qilinayotir. Bunda rieltor malaka sertifikatini berish Davlat raqobat qo‘mitasi yurituvida qoladi.
 
Ko‘chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlarini litsenziyalashni bekor qilishmoqchi.
 
Ma'lumot uchun. Ko‘chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari – quyida keltirilganlar kabi rieltorlik faoliyati turlaridan biridir:

• ko‘chmas mulk obektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog‘idagi vositachilik;
• ko‘chmas mulk obektlarining va ularga bo‘lgan huquqlarning savdosini tashkil etish;
• ko‘chmas mulk obektlarini ishonchli boshqarish.

 
Lisenziya talabi sifatida rieltorlik tashkilotining ustav kapitali miqdoriga qo‘yiladigan minimal talablarni bekor qilish taklif qilindi.
 
Ma'lumot uchun. Hozirgi vaqtda litsenziya olish uchun ustav kapitalining  minimal miqdori rieltorlik tashkilotining faoliyat turiga bog‘liq:  

• 100 EKIH – axborot-maslahat xizmatlari ko‘rsatishda; 
• 500 EKIH – ko‘chmas mulk obektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog‘idagi vositachilik; 
• 1000 EKIH  - ko‘chmas mulk obektlarini ishonchli boshqarish;  
• 3000 EKIH - ko‘chmas mulk obektlarining va ularga bo‘lgan huquqlarning savdosini tashkil etish.

 
Rieltorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisining minimal miqdori EKIHning 3000 baravarini tashkil etadi. Eslatib o‘tamiz, rieltorlik tashkilotlari tomonidan fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun va Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida nizomga binoan majburiy hisoblanadi.
 
Rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish osonlashadi
 
1. Rieltorlik tashkiloti vositachiligida tuzilgan ko‘chmas mulk obektlari va binolarining 6 oygacha qisqa muddatli ijara shartnomalarini notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish taklif qilinmoqda. Rieltor soliq organiga faqat tuzilgan shartnomalar va ijara to‘lovi miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishi zarur bo‘ladi.
 
2. Rieltorlik tashkilotlari majburiy 15 foiz oldindan haq to‘lamasdan  xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
 
3. Rieltorlar va davlat organlari o‘rtasida ko‘chmas mulk obektlari, ularning mulkdorlari, unda yashovchi shaxslar, soliqlar, kommunal va foydalanish xarajatlari bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘risida axborot taqdim etish bo‘yicha elektron hamkorlik joriy etiladi.
 
Imtiyozlar beriladi va rieltorlik markazlari ochiladi
 
Prezidentning 17.04.2006 yildagi PQ-325-son qarori bilan rieltorlik tashkilotlari 3 yil muddatga daromad (foyda) solig‘i va YaST to‘lashdan ozod etilgan edi. Taqdim etilgan loyiha bilan rieltorlik xizmatlariga ushbu imtiyozlarni 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga yangidan tatbiq etish taklif qilinayotir.
 
Rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha mintaqaviy markazlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ularda ko‘chmas mulk obektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish bo‘yicha kompleks xizmatlarni olish mumkin.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top